Jamiyat | 12:30 / 13.05.2020
13565
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» raisi boshchiligidagi ishchi guruh ishlab chiqarish korxonalari, konlar va quduqlar holatini o‘rganmoqda

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, xodimlarning ish va yashash sharoitlarini o‘rganish, joylarda mavjud muammolarni aniqlash, ularni hal etish maqsadida har hafta yakunida konlar, quduqlar va tizimdagi korxonalarga tashrif buyurmoqda.

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi «Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsiya loyihasi, GTL zavodining asosiy texnologik qurilmalarning qurilish jarayoni hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan mutaxassis va ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi.

O‘zbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bo‘lgan zavod qurilishi davom etayotgani, korxonada har bir xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish choralari ko‘rilgani alohida e’tirof etildi va loyihaning o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh a’zolari Buxoro viloyati hududida joylashgan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli, hozirda tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarilayotgan 43ta quduqni o‘zida birlashtirgan «Somontepa» konidagi qurilish ishlari holatini ham o‘rgandi.

«Somontepa» konida kunlik 1 mln. metr kub gaz qazib olish, yillik 4 mlrd. metr kub gaz xomashyosi o‘tkazish quvvatiga ega gaz kollektor loyihasining qurilish ishlari holati ham ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, «Somontepa» gaz yig‘uv punktida gazni birlamchi tayyorlash qurilmasidagi qurilish ishlari qanday bajarilayotgani ham tekshirilib, uning joriy yil iyun oyining boshida ishga tushirilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari «Janubiy O‘rtabuloq» koni maydonida «quyi terregen» qatlamini o‘rganish uchun burg‘ilanayotgan yangi 2-sonli terrigen izlov qudug‘ida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rgandi va malakali mutaxasissislar bilan hamkorlik qilish kerakli borasida vazifalarni belgilab berdi.

«O‘zbekneftgazburg‘ilash» MChJ tomonidan burg‘ilanayotgan ushbu quduq ishga tushirilishi natijasida, XVIII gorizont – «quyi terregen» mahsuldor qatlamidan kunlik 100 ming metr kub oltingugursiz gaz va 10 tonna kondensat xomashyosi qazib olinishi kutilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid