Jahon | 18:15 / 13.05.2020
11865
2 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» Afg‘oniston hukumatiga qurolli javob qaytarish bilan tahdid qildi

Avvalroq Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani barcha kuch tuzilmalariga "Tolibon"ga qarshi kurashda "hujum" shakliga o‘tishni buyurgandi.

Foto: AP Photo / Rahmat Gul

"Tolibon" harakatining harbiy tuzilmalari Afg‘oniston kuch tuzilmalariga qarshi javob qaytarishga tayyor, deyiladi harakat vakili Zabihullo Mujohidning bayonotida.

Avvalroq Afg‘onistonda sodir etilgan ikkita terrorchilik harakatidan so‘ng mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani barcha kuch tuzilmalariga "Tolibon"ga qarshi kurashda "hujum" shakliga o‘tishni buyurgandi.

"Bundan buyon zo‘ravonlikning kuchayishi va uning oqibatlari uchun javobgarlik to‘laligicha Kobul ma'muriyati zimmasida bo‘ladi, chunki "Islom amirligi" har qanday vaziyatga tayyor. "Islom amirligi"ning qurolli tuzilmalari dushmanning barcha harakatlari va hujumlariga qarshi turishga to‘liq shay holatda", - deyiladi Mujohidning bayonotida.

U shuningdek, "Tolibon" va Nangarhor viloyatida IShID amalga oshirgan hujumlarni keskin qoralashini ma'lum qildi va "Tolibon" IShIDga qarshi ko‘plab operatsiyalarni o‘tkazganini eslatdi.

Seshanba kuni Kobuldagi kasalxona binosiga qilingan hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi. Shuningdek, Nangarhor viloyatida politsiya boshlig‘ining janoza marosimi vaqtida sodir bo‘lgan portlashda 24 kishi halok bo‘ldi va 68 kishi yaralandi. Frans Press agentligining xabar berishicha, ushbu hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid