Jamiyat | 13:18 / 15.05.2020
7322
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi xayriya aksiyasi o‘tkazdi

“Insonlar hayotini qutqarayotganingiz uchun #rahmat!” loyihasi doirasida o‘zbek milliy taomi Moskva shahrining turli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan ko‘p sonli rossiyalik shifokorlarga tarqatildi.

2020 yilning 14 may kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi diplomatik vakolatxonalari saxiy vatandoshlarimiz ko‘magida ikkita katta qozonda o‘zbekona palov tayyorlab, “#Rahmat!” xayriya aksiyasini o‘tkazdilar. 

Jumladan, “Insonlar hayotini qutqarayotganingiz uchun #rahmat!” loyihasi doirasida o‘zbek milliy taomi Moskva shahrining turli tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan ko‘p sonli rossiyalik shifokorlarga tarqatildi.

“O‘zini o‘zi yakkalash tartibiga amal qilayotganingiz uchun #rahmat!” shiori ostida Rossiya poytaxtidagi xostellarda charter reyslari tashkil etilgunga qadar Elchixona tomonidan joylashtirilgan o‘zbekistonliklarga osh yetkazib berildi. Shuni qayd etish joizki, o‘zbekona palov tarqatilgan vatandoshlarimiz orasida COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib, Rossiya hukumati talablariga binoan, o‘zini o‘zi yakkalash tartibiga o‘tgan hamda shifokorlar nazorati ostida davolanayotgan fuqarolar ham mavjud.

“#Rahmat!” aksiyasi O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Saxovat va ko‘mak” tashabbusi doirasida vatandoshlarga yordam berish maqsadida olib borilayotgan ishlarning davomi bo‘ldi. Har kuni mehnat migrantlariga, talabalarga va boshqa fuqarolarimizga oziq-ovqatlar, dori-darmonlar va gigiyena vositalari yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari saxiy homiylarga va barcha do‘stlarga koronavirus infeksiyasi bilan birgalikdagi kurashga berayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Mavzuga oid