Fan-texnika | 01:30 / 16.05.2020
8251
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook 400 million dollarga Instagram uchun gif servisini sotib oldi

Foto: Reuters

Facebook internet auditoriyasi orasida giflar tarqatishi bilan tanilgan Giphy servisini sotib oldi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berilgan.

«Vizual ifoda bo‘yicha yetakchi hisoblangan GIPHY bizning kompaniya safiga Instagram oilasining bir qismi sifatida qo‘shildi. Oilamizga xush kelibsan, GIPHY», deb yozilgan Facebook rasmiy saytida. Bu savdo Facebook uchun 400 million dollarga tushgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Facebook bu dasturni o‘ziga tegishli bo‘lgan Instagram uchun sotib olgan. Endilikda Instagram hamda Giphy birlashtirilgach, Instagram foydalanuvchilari giflarni topish uchun ilovaning o‘zida qidiruv berishlari kifoya bo‘ladi. Hozircha Giphy asoschilari servisga kirish imkoniga ega bo‘lishadi va ular foydalanuvchilariga hech narsa o‘zgarmasligini ma'lum qilishgan.

Ma'lumot uchun, Giphy dasturi 2013 yil Aleks Chung hamda Jyeys Kuk tomonidan tashkil etilgan. Facebook bungacha Instagram, WhatsApp kabi xizmatlarni ham sotib olgandi. O‘tgan yil davomida 70,7 milliard dollar daromad qilgan Facebook`ning bozor narxi 633 milliard dollar atrofida baholangan. Dunyodagi eng katta ijtimoiy tarmoq hisoblangan Facebook 2004 yil Mark Tsukerberg tomonidan yaratilgan va unga har oy o‘rtacha 2 milliard foydalanuvchi tashrif buyuradi.

Mavzuga oid