Jahon | 08:40 / 26.03.2025
1477
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Instagram va Facebookʼda reklama joylash taqiqlandi

Rossiya Davlat Dumasi Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida reklama joylashni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Foto: pixels

Qabul qilingan qonunga ko‘ra, taqiq faqat Meta'ga tegishli Instagram va Facebook'ni emas, balki Rossiyada «istalmagan» deb topilgan xalqaro tashkilotlar va «ekstremistik» deb belgilangan platformalardagi barcha reklamalarga taalluqli bo‘ladi. Rossiya hukumati avval Meta korporatsiyasini ham shunday ro‘yxatga kiritgan edi.

Talablarni buzgan fuqarolar 2 mingdan 2,5 ming rublgacha, mansabdor shaxslar 4 mingdan 20 ming rublgacha, kompaniyalar esa 100 mingdan 500 ming rublgacha jarimaga tortiladi. Qonun Federatsiya Kengashi tomonidan ma’qullanib, prezident tomonidan imzolangandan so‘ng 2025 yil 1 sentabrdan kuchga kiradi.

Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus «mamlakat manfaatlarini himoya qilish» maqsadida kiritilgan. Uning fikricha, Rossiyada ayrim ijtimoiy tarmoqlar bloklangan bo‘lsa-da, fuqarolar va kompaniyalar hanuz ularda reklama qilishni davom ettirmoqda va shu orqali «dushman kuchlarni moliyalashtirishga xizmat qilmoqda».

Aslida, Rossiyada bunga o‘xshash cheklovlar avvalroq «chet el agentlar»ga nisbatan joriy etilgan edi. Agar reklama shunday manbalarda joylashtirilsa, shaxslar 50 ming rublgacha, kompaniyalar esa 500 ming rublgacha jarimaga tortilishi mumkin. Ikki marta bunday qoidabuzarlik sodir etilsa, jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.

Yangi qonun esa asosan blogerlarga ta’sir qiladi. Chunki ular Instagram, Facebook va X (sobiq Twitter) orqali reklamadan daromad topib kelayotgan edi. Heads’made agentligi rahbari Yaroslav Meshalkinning aytishicha, ayrim kontent yaratuvchilar uchun bu qaror bozorni tark etish yoki yangi daromad manbai izlashga majbur etadi.

Blogerlar va agentliklar assotsiatsiyasi ham ushbu cheklovlar bozorni jiddiy larzaga solishidan xavotir bildirdi. PR Perfect agentligi asoschisi Kristina Petrovaga ko‘ra «bu qonun o‘z auditoriyasini boshqa platformalarga o‘tkazishga ulgurmaganlar uchun so‘nggi zarba bo‘ladi».

Mavzuga oid