Pandemiya davridan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan nisbatan kam talafotlar ko‘rib chiqish bilan birgalikda, keyingi yillar uchun samarali hisoblangan tizim yaratish, eng muhim sohalarni qutqarib qolishga urinish talab etiladi. Nisbiy afzalliklar haqida gap ketganda, tabiiy ravishda, mamlakat iqtisodiyoti aylanmasida katta rol o‘ynamaydigan ko‘ngilochar, sport, turli jamoaviy tadbirlarga qilinadigan xarajatlarda cheklashlar yuzaga kelishi tabiiy va kutilgan holat.
Shu bilan birga, nisbatan zarur hisoblangan ba'zi sohalar borki, bu tarmoqlar uzoq kelajakda davlatga tushadigan yukni qisman o‘z zimmasiga oladi. Ammo buning uchun, bugungi kunda, yaqin kelajakda ularni saqlab qolishga harakat qilish shart.
Misol uchun, umumiy o‘rta ta'lim barcha uchun majburiy bo‘lib, bu sohani yuz foiz davlat o‘z zimmasiga olgan. Bu esa, budjet xarajatlarining sezilarli qismini tashkil qiladi. Aslini olganda, O‘zbekiston sharoitida davlat bu sohani to‘liq o‘z bo‘yniga olishi biroz noto‘g‘ri — birinchidan, yuqorida aytilganidek, u qadar farovon darajada emasmiz, ikkinchidan esa, hatto eng rivojlangan davlatlarda ham ta'lim tizimi qisman xususiy maktablarga yuklatiladi. Aniqroq aytiladigan bo‘lsa, ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy maktablarda o‘z mablag‘lari hisobidan o‘qitishlari tufayli, davlatga yengillik taqdim etadilar.
Bu soha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham rivojlanib kelayotganini payqash qiyin emasdi. Poytaxtda, viloyat markazlarida, shaharlarda xususiy o‘rta ta'lim maktablari faoliyat olib borishni boshlashdi. Budjet maktablariga nisbatan olganda, sifatliroq ta'lim va infratuzilma taklif qilayotgan bu xususiy maktablarning oylik narxlari minimal 200–300 ming so‘mdan boshlab, bir necha milliongacha yetib boradi. Ota-onalar o‘z moliyaviy imkoniyatlariga qarab, u yoki bu xususiy maktabga farzandlarini berib, budjet maktablariga tushishi kerak bo‘lgan og‘irlikni kamaytirib kelishayotgandi.
Ya'ni, ota farzandini pullik ta'limga berib, o‘z hisobidan o‘qitadi. Aslida, budjet maktablari ham bepul ta'lim emas, ularni moliyalashtiradigan budjet o‘sha ota-onalarning, aytaylik, to‘lagan soliqlaridan tashkil topishini unutmaslik kerak. Ya'ni, ota bolasini o‘qitish uchun pulni soliq orqali davlatga to‘lab bo‘lgan. Ammo shunday bo‘lsa-da, u sifatli ta'lim uchun yana alohida to‘lovni amalga oshiradi va farzandini xususiy maktabga beradi.
Bu tizimning foydalari ko‘p: birinchidan, bolalarni o‘qitish uchun yetarli o‘rin va sharoit yaratishi kerak bo‘lgan davlat qisman yukdan xalos bo‘ladi. Ikkinchidan, o‘qituvchilarning maoshi aynan ota-onalar pullaridan hosil bo‘lgani sababli, budjet ularga maosh to‘lashdan ham qutuladi. Uchinchidan, qo‘shimcha iqtisodiyot yaratilib, xususiy maktablar o‘qitish uchun davlatdan pul olish o‘rniga, aksincha, soliqlar shaklida, davlatga pul ham to‘lashadi. To‘rtinchidan, budjet maktablariga qo‘shimcha raqobat hosil bo‘lib, turli ma'muriy to‘siqlar yo‘qoladi, ta'lim sifati oshib boradi. Yana bir qancha sanash mumkin, xullas, xususiy ta'limning mamlakatimizga ham iqtisodiy, ham ijtimoiy tomondan yaxshi samara keltirishi shubhasiz.











