Jahon | 00:13 / 20.05.2020
27550
2 daqiqa o‘qiladi

«Kasalxonalardagi 18 ming bemorning ahvoli og‘ir» – Sobyanin Moskvadagi vaziyatga baho berdi

Moskva meri Sergey Sobyanin «Rossiya 1» telekanali efirida shahardagi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha vaziyatni baholadi.

Foto: GAVRIIL GRIGOROV/TASS

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelasi hafta oxirida Moskvadagi cheklovlarni yumshatish bo‘yicha qaror qabul qilinadi. U 25 maydan ko‘p funksionalli markaz ochilishini aytdi. Sobyanin shuningdek, sartaroshxona va go‘zallik salonlari yaqin vaqt ichida ochilmasligini qayd etdi.

«Kasallik tarqalishi, kasalxonalarning to‘lib ketishi bilan bog‘liq holatni ko‘rish kerak. Koronavirusni yengdik deb aytish mas'uliyatsizlik bo‘ladi», — dedi u

19 may kuni Moskvada koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 3545ta yangi holat qayd etildi. Poytaxtda kasallikka chalinganlar soni 149 607 nafar bo‘lib, 31 496 kishi sog‘aygan, 1651 kishi vafot etgan. Sobyanin Moskvadagi kasalxonalarda 18 ming nafar og‘ir ahvolda yotgan bemor borligini aytdi.

Shaharda qachondan farzandi bilan sayr qilish yoki ko‘chada sport bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga u: «Koronavirusdan o‘limlar soni kamayganini ko‘rganimizda. Kasalxonalardagi og‘ir ahvolda yotgan bemorlar soni ozayganida. Har kuni minglab emas, o‘nlab yoki yuzlab yangi bemorlarni aniqlaganimizda», deb javob qaytardi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qaroriga ko‘ra, karantin choralarini yumshatish yoki kuchaytirish borasida har bir region rahbari epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib o‘zi qaror chiqaradi

18 may kuni koronavirusdan tuzalib ishga qaytgan bosh vazir Mixail Mishustin 27ta region cheklov choralarini yumshatishga tayyor ekanligini aytdi. Ammo u bular qaysi regionlar ekanligiga aniqlik kiritmadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya bo‘yicha koronavirus yuqtirganlar soni salkam 300 mingga yetgan, 2,8 mingdan ortiq kishi vafot etgan, 76,1 ming kishi sog‘aygan.

Mavzuga oid