Qonunchilik palatasi tomonidan «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini ta'minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi.

Qonun tomorqadan oqilona foydalanilmagan taqdirda jarima belgilashni nazarda tutib, bu – soliq kodeksida belgilangan choralariga qo‘shimcha jazo choralarini sifatida kiritilayotgandi.

Huquqshunos sifatida, ushbu qonunni qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida fikrlarimni avvalroq ma'lum qilgandim.

Keng jamoatchilik ham bu borada o‘zining fikr mulohazalarini bildirib, jarimaga e'tiroz bildirgan.

Senatning 11 may kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ushbu qonun muhokama qilinib, rad etildi. Bu jamoatchilikka ham ma'qul keldi.

Senatning qonunni rad etishiga asos – MJtKning to‘ldirilayotgan 65-1-moddasidagi tomorqa yer uchastkasidan «asossiz ravishda» yoki «oqilona» foydalanmaslik yoxud «samarasiz» foydalanish kabi tushunchalar qonun hujjatlarida ochib berilmagani, javobgarlikka tortishda korrupsiya va boshqa suiiste'molliklarga zamin yaratishi, prezident ko‘rsatmasi bo‘yicha «Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi va unda yuqoridagi kabi qonun hujjatlarida mavhum bo‘lgan tushunchalarni ochib berish keltirildi.

Fikrimcha, Senatning keltirgan asoslari to‘g‘ri, lekin «asossiz ravishda» yoki «oqilona» foydalanmaslik yoxud «samarasiz» foydalanish tushunchalarini berish bilan ish bitmaydi. Umuman, tomorqa yer egalariga har qanday jazo choralarini belgilash avvalo maqsadga muvofiq emas hamda bu masala 70 o‘lchab bir kesilishi va xalq bilan muhokama qilinishini kerak.

Chunki har qanday qonunning muallifi avvalo xalq bo‘lishi lozim. Ayniqsa tomorqa haqida gap ketganda xalq bilan maslahatlashish faqat foyda.

Senat qaroriga oddiy izoh beradigan bo‘lsak, «tomorqachiga jarima belgilash yoki boshqa chora qo‘llash nafaqat noto‘g‘ri, balki bilib-bilmay xususiy mulkka daxl qilish, aholining shaxsiy ishlariga aralashish hamda xalqaro jamoatchilik oldida ham kulguga qolish», demoqda senatorlar. Negaki, aksar davlatlarda tomorqa egalarini ekin ekmading deb javobgarlikka tortish kulgili holat hisoblanadi.

«Yer davlatniki, shu uchun tomorqa aholining shaxsiy ishi emas», degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Ammo tomorqa yer uchastkasi shunday mulkki, yer davlatga tegishli bo‘lgani holda yer usti, tomorqadagi uy-joy, vositalar xususiy mulk, u yer uchastkasi bilan uzviy bog‘liq, bir butun va tomorqadagi ekin maydoni ham uning ajralmas bir qismidir.