U kim o‘zi?

Afg‘onistondagi eng mashhur harbiy qo‘mondonlardan biri (balki eng mashhuridir) Abdulrashid Do‘stum 1954 yil Afg‘oniston shimolidagi Juzjon provinsiyasi Shibirg‘on uyezdidagi Xo‘jadko‘h qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Uning otasi o‘zbek, onasi esa turkman millatiga mansub bo‘lgan. Do‘stum o‘zini o‘zbek deb hisoblaydi va o‘zbekcha gapiradi.

Maktabni bitirganidan so‘ng Do‘stum gaz qazib olish kompaniyasida ishlay boshlaydi. Bu kompaniya SSSR bilan hamkorlikda tuzilgan edi. 1979 yilda u SSSR yordamida Afg‘onistonni sotsialistik davlat qilish harakatida bo‘lgan Afg‘oniston xalq demokratik partiyasiga a'zo bo‘lib kiradi.

1980 yilda Do‘stum o‘qish uchun SSSRga keladi va Leningraddagi harbiy akademiyada tahsil oladi. O‘qishni bitirib, Afg‘onistonga qaytgan Do‘stum Afg‘oniston hukumatiga bo‘ysunadigan xavfsizlik idorasida ish boshlaydi. Oradan biroz o‘tib Do‘stumni mamlakat shimolida yashayotgan o‘zbeklardan tuzilgan 53-diviziyaga qo‘mondon etib tayinlashadi va u SSSR harbiylari Afg‘onistonni tark etguncha ular bilan hamkorlikda mujohidlarga qarshi jang qiladi.

Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgandan so‘ng u bir muddat Najibullo boshchiligidagi hukumatni qo‘llab-quvvatlaydi. Vaqt o‘tib Najibulloga qarshi bo‘lgan muxolif kuchlar tomonga o‘tadi.

1992 yilda Do‘stum Afg‘oniston shimolini to‘liq o‘z nazoratiga oladi. O‘sha paytlarda Afg‘onistonning asosan o‘zbeklar yashaydigan shimoliy qismi norasmiy ravishda «Do‘stumiston» deb ham atalgan. U Mozori Sharif shahrini Shimoliy Afg‘oniston poytaxti etib tanlaydi va qarorgohini shu shaharda joylashtiradi. O‘sha paytda uning qo‘l ostida SSSRda ishlab chiqarilgan tanklar, qiruvchi samolyotlar va boshqa harbiy texnikalar bilan qurollangan 65 ming nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan.

Oradan biroz o‘tib Afg‘onistonni toliblar egallay boshladi. Shunda Do‘stum o‘z qo‘shinlari bilan Shimoliy Alyans deb nomlangan koalitsiyaga qo‘shiladi. Koalitsiya tarkibida Do‘stumdan tashqari, mamlakatning qonuniy prezidenti Burhoniddin Rabboniy boshchiligidagi hukumat kuchlari, shuningdek, Afg‘onistondagi dariylar yetakchisi Ahmadshoh Mas'ud va pushtunlar lideri Gulbiddin Hikmatyor boshchiligidagi qo‘shinlar ham bor edi.

Bir yil davom etgan janglardan so‘ng 1997 yil may oyida Do‘stumning yordamchisi Abdul Malik Faryob viloyatida isyon ko‘taradi va toliblar tomoniga o‘tib ketadi. Shundan so‘ng «Tolibon» Afg‘oniston shimolini ham egallaydi va Do‘stum Turkiyaga ketishga majbur bo‘ladi. O‘sha yili kuzda Afg‘onistonga qaytgan Do‘stum toliblar bilan qayta jang boshlaydi va yana yengiladi. 1998 yilda yana Turkiyaga ketadi.