Jahon | 18:37 / 26.05.2020
9849
1 daqiqa o‘qiladi

KXShT mamlakatlari Tojikistonda yirik miqyosda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda

KXShT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot tojik-afg‘on chegarasida terrorchi guruhlar va IShIDning faollashganini kuzatmoqda. 

Foto: Amir Isayev

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) mamlakatlari 2021 yilda tojik-afg‘on chegarasidagi nizolarni barqarorlashtirishdagi sa'y-harakatlarni ishlab chiqish uchun Tojikistonda yirik miqyosda mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda KXShT bosh kotibi Stanislav Zas ma'lum qildi.

"Kelgusi yilda Tojikiston hududida KXShT kollektiv kuchlari ishtirokida chegaraoldi nizosi chog‘idagi harakatlarni ishlab chiqish uchun yirik mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz", - dedi u.

KXShT bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot tojik-afg‘on chegarasida terrorchi guruhlar va IShIDning faollashganini kuzatmoqda. 

KXShTga 1992 yil 15 mayda Toshkentda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan.

1993 yilda KXShTga Ozarboyjon, Belarus va Gruziya qo‘shilgan. Keyinchalik Ozarboyjon, Gruziya va O‘zbekiston tashkilotdan chiqib ketgan.

Mavzuga oid