O‘zbekiston | 01:41 / 26.05.2020
4628
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi bino va inshootlarda energiya tejovchi texnologiyalardan foydalaniladi

Hukumat qarori loyihasida respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish taklif qilinmoqda.

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Energetika vazirligi ushbu loyiha tashabbusi bilan chiqqan.

Qayd etilishicha, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan 2020 yilda vazirlik va idoralarning 691 ta bino va inshootlarida fotoelektr stansiyalar va kollektorlar qurilishi, energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar o‘rnatish bo‘yicha dasturiy ro‘yxatlari tasdiqlanib amalga oshirilamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2021 yil uchun (keyinchalik muntazam ravishda kelgusi yillar uchun) «Ijtimoiy soha obektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi»ni 2020 yilning 1 dekabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi Davlat unitar korxonasi bilan birgalikda:

·       shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda hamda ijtimoiy soha obektlarini loyihalashtirish va qurilishida zamonaviy qurilish materiallari va energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilishini ta'minlaydi;

·       yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan barcha turdagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha, turar joy obektlarini energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligini inobatga olib ekspluatatsiyaga qabul qilish tizimini 2021 yil 1 yanvargacha ishlab chiqadi.

Barcha turdagi yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan bino va inshootlarni ekspluatatsiyaga qabul qilinishida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligi yuzasidan «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish va xulosa berish tartibi belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda «Ijtimoiy soha obektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi»ni moliyalashtirishda xalqaro moliya institutlarining beg‘araz mablag‘lari jalb etilishini ta'minlaydi.

«O‘zeltexsanoat» va «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmalari energiya tejovchi texnologiyalar, qurilish materiallari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid