«Investitsion loyihaga qarab hokimlarning dunyoqarashiga baho beraman» - Prezident
26 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev yirik loyihalar bilan kifoyalanib qolmasdan, aholi daromadini oshirishga qaratilgan kichik loyihalarga investitsiya jalb qilish lozimligi haqida gapirdi.
«So‘nggi uch yilda qiymati 17 milliard dollar bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirildi. Lekin ushbu loyihalar iqtisodiyotimizga nima berdi, degan savolga hali ham biror rahbarda aniq javob yo‘q, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Kichkina bir misol, Nukusda 8 ming tonna polimer ishlab chiqarish loyihasi 2017 yilda ishga tushgan bo‘lishiga qaramasdan, haligacha 3 ming tonna quvvatda ishlab kelgan. Ushbu korxona «O‘zbekneftgaz» tomonidan qurilib, yaqinda davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi. Shu paytgacha birorta davlat idorasi borib so‘ramagan. «Nega davlatning buncha puli ketib, uskuna ishlamayapti» degan odam yo‘q.
Agar mana shu 17 milliard AQSh dollar haqiqatda iqtisodiyotimizga kirsa, qancha o‘zgarish bo‘lardi? Hech kim o‘ylamaydi. Ikkinchidan, 50 foizga ishlaydi. Birov borib so‘ramaydi. Shuni nazorat qiladigan tashkilotlar nima uchun oylik olyapti, degan savolgayam javob yo‘q.
Hamma viloyat hokimi yozib olsin. Endi har bir viloyat o‘zining investitsiya loyihasini kiritadi. O‘shanda viloyatning ishbilarmonlik muhitiga, viloyat hokimining dunyoqarashiga baho beraman.
Masalan, Andijon viloyatida meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishidagi 7ta klaster bilan 9 mingdan ortiq aholi uchun kasanachilik kooperatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun bor yo‘g‘i 40 million dollarlik loyiha ishlab chiqildi. 9 ming xonadonda qancha aholi yashaydi?!
Vaholanki, birgina «Sho‘rtangaz» loyihasi 3,5 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu orqali qancha ish o‘rni yaratilgan? Mana, 40 million dollar bilan 9 ming aholining uyiga kiryapmiz. Nima demoqchiman? Har bir viloyat hokimi bir dollarning qadriga yetib, kambag‘allikni qisqartirib, odamlarni ish bilan ta'minlashni o‘ylashi lozim», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Davlat rahbari mablag‘ni ko‘proq xususiy sektorlarga berish orqali yaxshi natijaga erishilganini ma'lum qildi. Xususan, «Har bir oila tadbirkor» loyihasi asosida aholiga tarqatilgan 700 million AQSh dollar mablag‘ning 96 foizi davlatga qaytarilgani qayd etildi.
Mavzuga oid
19:10
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:16 / 31.10.2024