O‘zbekistonning qaysi viloyatlarida ishsizlik darajasi eng yuqori ekani aytildi
O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil qilib, eng yuqori ishsizlik darajasi 9,8 foiz bilan Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.
2019 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi joriy narxlarda 511,8 trln. so‘mni tashkil etgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 5,6 foizga o‘sdi. O‘tgan yil bilan taqqoslanganda YaIM tarmoqlari tarkibida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining ulushi 28,0 foizdan 25,5 foizga kamayib, sanoatning ulushi 23,6 foizdan 27,3 foizga, qurilishning ulushi 5,4 foizdan 5,9 foizga o‘sishiga erishildi.
Parlament saytida yozilishcha, bu haqda 26 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining videokonferens aloqa tarzida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida ma'lum qilindi.
Yig‘ilishda fraksiya a'zolari Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yildagi ijrosi yuzasidan Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning hisobotini tingladi.
Ta'kidlanganidek, 2019 yil holatiga, aholi umumiy daromadlari 344,7 trln. so‘mni tashkil etib, 2018 yilga nisbatan 106,5 foiz real o‘sishga erishildi. Aholi jon boshiga hisoblangan umumiy daromadlar 10,3 mln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati 119,7 foizni, real o‘sish sur'ati esa 104,5 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida iqtisodiyotga Davlat budjetidan rejalashtirilgan mablag‘larning salkam 18,5 trln. so‘mi yoki YaIMga nisbatan 3,6 foiz mablag‘ sarflangan. Jumladan, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, meliorativ texnikalar xarid qilish uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan jami 437,3 mlrd. so‘m ajratilgan.
Yig‘ilishda deputatlar Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2020 yil birinchi chorak yakunlari bo‘yicha ham axborotini eshitdi.
Hisobotda ta'kidlanganidek, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil qilib, eng yuqori ishsizlik darajasi 9,8 foiz bilan Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida, 9,7 foiz bilan Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (7,8 foiz) aniqlangan. Ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholi (ishsizlar) soni 1 399,7 ming kishini tashkil etgan.
Yig‘ilishda ishsiz shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish asosida aholi bandligini ta'minlash uchun davlat rahbarining 2017 yil 24 maydagi tegishli Farmoniga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasini tashkil etish muhim qadam bo‘lgani qayd etildi. Vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisob raqamida 2019 yilda moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan 16,9 mlrd. so‘m mablag‘ qoldig‘i mavjud bo‘lib, 2020 yil birinchi chorak davomida Respublika budjetidan 45 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgani aytib o‘tildi.
Deputatlar elektorat manfaatlaridan kelib chiqib ko‘tarilgan masalalar, savol-javoblar va muhokamalardan so‘ng, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yildagi hamda 2020 yil birinchi chorak yakunlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ma'qulladilar.
Fraksiya yig‘ilishida shuningdek, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hamda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024