O‘zbekiston | 16:14 / 28.05.2020
40874
3 daqiqa o‘qiladi

Izboskandagi kasallanish holati bo‘yicha ma'lumot berildi. Xorijdan kelgan haydovchilar Toshkentdan Andijonga ketib qolgan

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan haydovchilarning e'tiborsizligi 100ga yaqin kishi karantinga olinishiga sabab bo‘lgani haqida ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, xorijdan kelib Toshkent viloyatida koronavirusga test topshirgan ikki andijonlik haydovchi o‘z uyiga ketib qolgan.

«Shu yilning 22 may kuni Baliqchi tumanida yashovchi 50 yoshli R.R. Izboskan tumanida yashovchi sherigi, 32 yoshli B.Q. bilan birgalikda xalqaro yuk tashish avtomashinasida Rossiyadan Toshkent viloyati Qibray tumani hududidagi chegara-nazorat postiga yetib kelgan. Shu kunning o‘zida o‘rnatilgan tartib bo‘yicha postdagi SEOM xodimlari tomonidan har ikki haydovchidan koronavirus infeksiyasiga surtma olingan. Ertasiga, 23 may kuni B.Q.da gumon natija qayd etilganligi uchun takroran tahlil topshirgan, R.R.da esa kasallik aniqlanmagan. 

Lekin haydovchilar belgilangan sanitariya qoidalariga rioya qilmasdan, chegara-nazorat posti avtoturargohidan uyiga chiqib ketishgan», deyiladi vazirlik ma'lumotida. 

Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan o‘tkazilgan tezkor qidiruv va epidemiologik surishtiruv natijasida har ikki haydovchi ham o‘z uyidan topilgan.

Shu orada dastlab tahlil natijalari gumon qilingan B.Q.da ham, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan ikkinchi haydovchi R.R.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. 

Epidemiologik surishtiruv natijasida Izboskan va Baliqchi tumanida R.R. va B.Q. bilan muloqotda bo‘lgan barcha 100 nafarga yaqin fuqaro 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

«Achinarlisi, haydovchilarning e'tiborsizligi va sanitariya qoidalariga rioya qilmasligi sabab, ularning oila a'zolari, yaqinlari, qo‘shnilari va boshqa ko‘plab insonlarning koronavirusda gumonlanib karantinga olinishiga, ularning sog‘ligi xavf ostiga qo‘yilishiga sabab bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor barcha uy karantini qoidalariga qat'iy amal qilishini, jamoat joylarida bo‘lganda yoki koronavirus infeksiyasi alomatlarini o‘zida sezganda darhol o‘zini yakkalab, shifokorga murojaat qilishini so‘raydi. 

Shuningdek, yana bir bor, karantin qoidalariga, jumladan, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishishdan tiyilish, sababsiz ko‘chaga chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqish kabi qoidalarga qat'iy amal qilishlarini tavsiya qiladi. Bu o‘zingiz va yaqinlaringiz xavfsizligi uchun juda muhim», deyiladi vazirlik ogohlantirishida.

Bundan avvalroq Andijonda yangi kasallanish holati aniqlangani va o‘nlab kishilar karantinga olingani haqida xabar tarqalgandi.

Mavzuga oid