O‘zbekiston | 10:13 / 28.05.2020
4796
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident yer resurslari va tuproq unumdorligiga aloqador qaror imzolaydi

Yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning “Yer resurslaridan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha davr mobaynida sug‘oriladigan va lalmikor yerlar hamda yaylov hududlari tuproqlarining unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish konsepsiyasi”;

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha davr mobaynida sug‘oriladigan va lalmikor yerlar hamda yaylov hududlari tuproqlarining unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Maqsadli dastur” tasdiqlanadi.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi tasarrufidagi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston tuproq qoplamlarining xilma-xilligi va transformatsiyasini o‘rganish, tuproqlarning fizikaviy, kimyoviy, agrokimyoviy va meliorativ-ekologik holati aniqlash hamda unumdorlik darajasini baholash, turli masshtabli tuproq kartalari va kartogrammalarini tuzish, tuproq monitoringini yuritish, tuproq eroziyasi va degradatsiyasining oldini olish, turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos holda qishloq xo‘jalik ekinlariga organik, mineral va noan'anaviy o‘g‘itlar qo‘llashning maqbul me'yor va muddatlarini ishlab chiqish bo‘yicha mas'ul davlat ilmiy muassasasi sifatida belgilanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab:

Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘liq, hududlardagi bo‘linmalari xodimlari har bir bo‘linmada 4 shtat birligining mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi:

joriy yil yakuniga qadar mavjud xaritalardan foydalangan holda barcha yerlarni, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarining dala-konturlari, chegarasi, maydoni va yer turi to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar bazasini yaratadi va uni 2021 yil yakuniga qadar to‘liq yangilaydi;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi bilan birgalikda jahon tajribalarini o‘rgangan holda tuproqlarni ekologik baholash bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi «O‘zkimyosanoat» AJ, «O‘zagrokimyohimoya» AJ, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimli ravishda shahar va shahar atrofidan chiqayotgan oziq-ovqat, xo‘jalik, chorva hamda boshqa organik chiqindilarni to‘plash va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda organik o‘g‘itlar ishlab chiqadi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga yetkazib beradi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Davergeodezkadastr qo‘mitasining tuproqlarni gumus bilan ta'minlanganlik darajasi asosidagi xulosalariga asosan organik o‘g‘itlarni tabaqalashtirib qo‘llashni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi qishloq xo‘jaligi yerlari tuproqlarining unumdorligini oshirishda qo‘llaniladigan noan'anaviy o‘g‘itlar (bentonit, glaukanit va boshqalar)ning kon zaxiralari to‘g‘risida ma'lumotlarni shakllantirib, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davergeodezkadastr qo‘mitasiga taqdim qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi mavjud chorvachilik komplekslarida chorva mollari shartli bosh soni va ulardan chiqadigan chiqindi (go‘ng)dan hosil bo‘ladigan mahalliy o‘g‘itlar miqdorlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni hududlar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davergeodezkadastr qo‘mitasiga har yili III chorakning birinchi o‘n kunligigacha taqdim qilinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirishda Davergeodezkadastr qo‘mitasi Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining yerlarni bonitet balli va tuproq xossa-xususiyatlari bo‘yicha xulosalarini inobatga oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Davergeodezkadastr qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish sxemalari va ekinlarni agroekologik zonalashtirish prinsiplaridan kelib chiqqan holda joylashtirishni har bir tuproq-iqlim sharoitiga mos samarador tizimlarini ishlab chiqib, amaliyotda qo‘llaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Davergeodezkadastr qo‘mitasi birgalikda tuproq unumdorligini oshirgan yoki kamaytirgan yerdan foydalanuvchilarni “rag‘batlantirish” yoki “javobgarlik choralarini kuchaytirish”, shuningdek, tuproq ekologiyasiga yetkazilgan zararni “Ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipida undirish mexanizmini ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “BMKB-Agromash” AJ Davergeodezkadastr qo‘mitasi bilan birgalikda hududlarni masofadan zondlash, aqlli va raqamli dehqonchilik, ekinlarning tashqi ko‘rinishini skanerlash, kam ishlov berish (No till, Mini till), resurstejamkor texnologiyalar asosida tuproq unumdorligini barqarorlashtirish va qishloq xo‘jaligi ekinlaridan salmoqli, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqishga qaratilgan zamonaviy tizimlarni ishlab chiqadi.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqish uchun Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutida “Innovatsion texnopark” va konsultativ markaz (Extension center) tashkil qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid