Jahon | 21:15 / 02.06.2020
5217
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning 100 dan ko‘proq yirik kompaniyasi Brexit tufayli Londondan Amsterdamga ko‘chib o‘tdi

100 dan ko‘proq transmilliy kompaniya Brexit tufayli Londondan Amsterdamga ko‘chib o‘tdi, yana 300 ga yaqin kompaniya bu borada Niderlandiya hukumati bilan muzokaralar olib bormoqda.

Britaniya Yevropa ittifoqini 31 yanvarda tark etdi. Joriy yil oxirigacha o‘tish davri davom etib, uning davomida tomonlar kelgusi munosabatlari modeli bo‘yicha kelishuvga erishishlari kerak. Ayni vaqtda bu borada hali muvaffaqiyatga erishilmagan. Bu haqda Rossiyaning Niderlandiyadagi savdo vakili Andrey Makarov xabar qildi.

U Londonni tark etgan yirik kompaniyalar qatorida Sony, Panasonic, Discovery, Mitsubishi, Hitachi, Canon kabilarni keltirib o‘tgan. Ushbu kompaniyalar o‘z qarorgohlarini Amsterdamga ko‘chirgan.

“Bundan tashqari, biz ijtimoiy institutlar ham Amsterdamga ko‘chib o‘tayotganini ko‘rmoqdamiz. Misol uchun, Yevropa tibbiyot agentligi ham Londondan Niderlandiya poytaxtiga ko‘chib o‘tdi”, deb ta'kidlab o‘tgan Makarov.

Shu bilan birga Niderlandiya Brexit tufayli yo‘qotishlarga uchramoqda, chunki Niderlandiyaning Britaniya bilan tashqi iqtisodiy aloqalari uning yalpi ichki mahsulotining 7 foizini tashkil qiladi. 

“Shu sababli Brexit omili, bir tomondan, mavhumlik va ishlab chiqarish zanjirlari barbod bo‘layotgani sababli Niderlandiya iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda, boshqa tomondan esa yirik kompaniyalarning Niderlandiya yurisdiksiyasiga o‘tishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi, soliqlar to‘lanishi bilan yangi imkoniyatlar yaratmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Makarov.

Mavzuga oid