Iqtisodiyot | 11:28 / 04.06.2020
4100
3 daqiqa o‘qiladi

Yanvar-aprel oylarida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 mlrd dollarni tashkil etdi

Hisobot davrida 8 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari va 328 ta hududiy ahamiyatga ega sanoat obektlari ishga tushirildi.

Foto: Shutterstock

Joriy yilning yanvar-aprel oylari mobaynida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 2,5 mlrd dollarni, shu jumladan to‘g‘ridan - to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar - 1,7 mlrd va xorijiy kreditlar - 831 mln dollarni tashkil etdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, 2019 yil shu davriga nisbatan o‘sish sur'ati 1,6 barobarni tashkil etdi. O‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 26 foizgacha o‘sdi.

Hisobot davrida 336 ta loyiha ishga tushirildi: 8 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari va 328 ta hududiy ahamiyatga ega sanoat obektlari. 

O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni kiritish bo‘yicha Rossiya, XXR, Germaniya va Janubiy Koreya yetakchilik qildi, mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan mamlakatlarning umumiy soni esa 37 tani tashkil etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda elektrotexnika sanoati (2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish - 24 barobar), kimyo sanoati (o‘sish - 13 barobar), charm va poyabzal (o‘sish - 2,5 barobar) sohasi investorlar uchun eng jozibador bo‘lib qoldi. Neft va gaz sanoati (o‘sish – 2,3 barobar) va qurilish materiallarining ishlab chiqarilishi (o‘sish – 1,6 barobar) ham yaxshi ko‘rsatkichlarni namoyish etdi.

Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga yo‘naltirishda o‘sish tendensiyasi kuzatilib, hisobot davrida ularning umumiy qiymati 958 mln dollarni tashkil qildi va 2019 yilning shu davriga nisbatan 2,6 barobar oshdi. Hududlar kesimida yuqori o‘sish dinamikasi Jizzax (13 barobar), Namangan (9,4 barobar) va Surxondaryo (4,2 barobar) viloyatlarida kuzatilmoqda.

Prezidentning 2020 yil 9 yanvardagi PQ-4563-son qarori bilan tasdiqlangan Investitsiya dasturiga asosan 2020 yilda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan asosiy vositalarga 233,2 trln so‘m, shu jumladan to‘g‘ridan – to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar - 7,1 mlrd dollar, davlat kafolati ostidagi xorijiy investitsiya va kreditlar - 2,7 mlrd dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

2020 yilda 2 mingdan ortiq ijtimoiy, infratuzilma va sanoat obektlarini: 206 ta yangi yirik ishlab chiqarish obekti, 240 ta hududiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish obektlari hamda 1,6 mingta ijtimoiy va infratuzilmaviy obektlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid