O‘zbekiston | 14:03 / 05.06.2020
15091
4 daqiqa o‘qiladi

Joylarda haligacha tender tanlovlari o‘tkazmasdan, loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishlar qilinmoqda – moliya vaziri

Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, prezident qarori bilan moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan obektlarda loyiha-smeta hujjatlarisiz yoki tender tanlovlari o‘tkazmasdan qurilish ishlarini boshlash taqiqlangan bo‘lsa-da, joylarda qonunbuzarliklar davom etmoqda. U bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokamasi chog‘ida ma'lum qildi.

“2020 yilning o‘zida 2 ta qaror qabul qilingan. Masalan, yanvar oyida qurilishda aynan mana shu masalaning oldini olish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingan. Unda aniq-ravshan belgilanganki, bundan buyog‘iga moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmagan obektlarda yoki tender tanlovlari o‘tkazmasdan qurilish ishlarini boshlash, loyiha-smeta hujjatlarisiz qurilishni moliyalashtirish taqiqlangan. Qurilish sohasidagi aksariyat kamchiliklarni qaraydigan bo‘lsak, aynan mana shu belgilangan me'yorlarning buzilishi oqibatida kelib chiqayotgan kamchiliklar hisoblanadi.

Aksariyat holatlarda hali tender, loyiha-smeta hujjatlari u yoqda tursin, moliyaviy manbasi aniq bo‘lmay turib qurilish ishlari boshlab yuborilmoqda. Mahalliy hokimliklar tizimida ham shu ahvol. Bitta misol keltiraman, yaqinda prezidentimiz tashrifi munosabati bilan Andijonga borganimizda bitta tuman hokimi bizga murojaat qilib, boshlab qo‘yilgan qurilishning pulini to‘lay olmayotganini aytib, 80 mlrd so‘mlik qo‘shimcha mablag‘ topib berishda yordam so‘radi.

Tuman hokimining aytishicha, qayerdadir bog‘cha qurilgan, qayerdadir yo‘l ta'mirlangan... O‘rganib ko‘rsak, bu obektlar umuman investitsiyalar dasturiga kiritilmagan, qurilishni moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratilmagan. Lekin tuman hokimi tadbirkorlar bilan shartnomalar qilib, moliyalashtirish manbasi yo‘q qurilishlarni qilavergan. Dasturda ko‘zda tutilmagani uchun mazkur qurilishlarga mablag‘ ajratishning iloji yo‘q”, deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Moliya vazinining ta'kidlashicha, mazkur vaziyatda qat'iy turib qonun talablariga muvofiq ish tutish ham bir qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Sababi amaldagi qonun hujjatlari aksar hollarda buyurtmachilar, yuqoridagi holatda esa mahalliy hokimlik tomonidan buziladi, jabrini esa ijrochilar – oddiy tadbirkorlar tortmoqda.

“Yana bir muammo shundan iboratki, bu obektlarni xususiy tadbirkorlar qurishgan, yonidan xarajat qilishgan, buyurtmani bajarib qo‘ygan. 80 mlrd so‘mni bermaslik degani o‘sha tadbirkorlar pulini ololmaydi, ishchilarga oyligini to‘lolmaydi, solig‘ini to‘lolmaydi – masalaning bu tomoniyam bor. Lekin bitta tumanning 80 mlrd mablag‘ni ortiqcha  ishlatib yuborishini ham tushunib bo‘lmaydi. Prezidentimizning joylarga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlarning ijrosini ta'minlash maqsadida hududlarga alohida mablag‘lar ajratilgan. O‘tgan yili 1,2 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bu yil har bitta hududga 100 mlrd so‘mdan qo‘shimcha mablag‘lar beriladi. Bu pullar prezident tashrifi doirasida berilgan qo‘shimcha topshiriqlarning ijrosi uchun yo‘naltiriladi.

Endi solishtiraylik, butun boshli hudud – viloyatga davlat rahbari 100 mlrd so‘m ajratayotgan bir paytda bitta tuman rahbari 80 mlrd so‘mlik ortiqcha xarajat qilmoqda. Ya'ni hokimliklarning qonunchilikka bo‘ysunmasligi mana shunday oqibatlarga olib keladi.

Yana bir muammo – prezident qarori bilan tendersiz, loyiha hujjatlarisiz qurilishni boshlash taqiqlangan, lekin loyiha hujjati tayyor bo‘lmay turib qurilish boshlanadi, aksariyat hollarda bu tezkor topshiriq, tez bajarishimiz kerak deb xaspo‘shlanadi. Oqibatda hujjatlarni topshirish, qurilishni qabul qilib olish paytida muammolar yuzaga kelaveradi”, deydi Timur Ishmetov.

 

Mavzuga oid