– Kasallikning ikkinchi to‘lqini yoyilishiga sabab nima? Chetdan olib kelinayotgan fuqarolar hammasi karantinga olinayotgan bo‘lsa, kasallik chiqishiga, ko‘payishiga nima sabab bo‘lmoqda?

– Dastlabki holat bizda 15 mart kuni aniqlandi. Lekin shundan biror bir kun bo‘lgani yo‘qki, kasallik aniqlanmagan bo‘lsa.

Epidemik jarayon ishlashi kerak. Epidemik jarayon nima? Bu – kasallik manbayining borligi, yuqish yo‘lining borligi va yuqtirib oluvchi shaxsning borligi. Mana shu uchala bo‘g‘imning birortasi bo‘lmaydigan bo‘lsa, kasallik ham bo‘lmaydi, bir odamdan ikkinchi odamga yuqmaydi.

Biz kasallik dastlab aniqlangan kundan to bugunga qadar kasallanish ko‘rsatkichini kamaytirishga erishdik, lekin epidemik jarayonni buzib tashlay olmadik. Shuning uchun men shu paytgacha juda ko‘p tilga olinayotgan kasallikning ikkinchi to‘lqini degan fikrga unchalik qo‘shilgim kelmayapti. Negaki biz hali birinchi to‘lqinni uzib yubormadik. Hali birinchi to‘lqinning harakatlanuvchi kuchi bor. Yo manba bor, yo yuqish yo‘li bor, yo yuqtirib oluvchilar bor.

– Bizda aholi orasida kasallik o‘chog‘i paydo bo‘ldi, deb ayta olamizmi?

– Albatta, ayta olamiz. Negaki, keyingi 10 kun ichida aholi orasida kasallik qayd etilyapti. Karantinda bo‘layotganlar, charter reyslarda olib kelinganlar orasida ko‘plab qayd etilyapti, lekin oddiy aholi orasida ham kasallik qayd etilyapti.

Savol bo‘lishi mumkin: Nega? Axir biz chetdan kelganlarni hammasini karantinga olgan bo‘lsak, kasallik manbayini jilovlab qo‘ygan bo‘lsak, aholining ichida qayerdan keldi?

Biz birinchi bemorni 15 martda aniqladik. Lekin 14, 13 yoki 10 martda qancha odam kasallik bilan kirib kelganini biz bilmaymiz.

O‘sha birinchi bemorni aniqlagan paytimizda ham atrofimizda bemorlar bor edi. Buni biz inkor qilishga haqqimiz yo‘q.

Karantin, cheklov tadbirlarini kuchaytirdik. Kamida 50 kun juda qattiq karantin tadbirlari joriy qilindi. Bu tadbirlar 15 martdan 10 maygacha juda yaxshi ushlandi. Nazarimda, biz o‘sha davrda kasallikka chalingan, ammo belgilari to‘liq namoyon bo‘lmagan yoki kasallik yengil kechayotgan odamni ham uyida ushladik, ko‘chaga chiqqani yo‘l qo‘ymadik. Demak, biz kasallik o‘chog‘ini uyimizda jilovlab turdik.