Jahon | 14:17 / 08.06.2020
22526
6 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davridagi parvozlar: yettita yangi va bitta eski qoida

Kruiz laynerlari Covid-19 tarqalishi borasida xavf tug‘dirishi mumkinligiga guvoh bo‘ldik. Avia sayohatlar ham bu borada u qadar katta farqqa ega emas. Aeroportda yo‘lovchilar to‘planadi, aviakompaniyalarning biznes modeli esa havo haroratini bir xilda saqlash tizimiga ega kichik xonaga iloji boricha ko‘proq odamni sig‘dirish asosiga qurilgan. Bunday sharoitda hatto birgina kasallangan odam ham pandemiyaning yangi oqimiga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Jahon YaIMda aviatashuvlarning ulushi 2,7 trln AQSh dollarini tashkil qiladi. Demak, ushbu sanoat hech narsaga qaramay o‘zining faoliyatini qaytadan boshlashga harakat qiladi. IATA (International Air Transport Association – Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi) dunyodagi jami havo tashuvlarining 82 foizlik ulushiga ega 290ta aviakompaniya manfaatlarini ifodalaydi. O‘tgan haftada tashkilot aviatashuvlarni yangilashda bioxavfsizlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni e'lon qildi. U yakuniy hujjat sanalmaydi va hozircha birorta davlat organlari tomonidan qabul qilinmadi. Biroq tashkilotning mavqeyini hisobga olgan holda mazkur 21 sahifadan iborat hisobot – tarmoqning kelajagi va o‘zgarayotgan dunyoda parvozlar qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida tasavvurga ega bo‘lishning yaxshi usuli.

Demak, yo‘lovchilar e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan jihatlar quyidagilardan iborat.

1. Aeroportda iloji boricha kamroq vaqt o‘tkazish

IATA odamlar aeroportda o‘tkazadigan vaqtni minimallashtirmoqchi. Bu esa reys uchun ro‘yxatga olish masofadan amalga oshirilishini anglatadi. Tashkilot jahon hukumatlariga vizalarni va boshqa yo‘l bilan bog‘liq hujjatlarni elektron ro‘yxatga olinishiga ruxsat berilishini so‘radi. Yanada sodda narsalarda ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Masalan, yo‘lovchilardan yuk uchun yorliqlarni mustaqil tarzda chiqarish taklif etiladi.

2. Haroratni o‘lchash va immunitet pasporti haqida orzu qilish

Aeroport terminaliga kirishida haroratni o‘lchashga to‘g‘ri keladi.

IATA kelajakda yo‘lovchilar Covid-19’ga ekspress testdan o‘tkazilishiga umid bildirmoqda. Shuningdek, tashkilot mutaxassislari ayrim hukumatlar tomonidan rejalashtirilayotgan immunitet pasporti paydo bo‘lishining ahamiyatini tan olmoqda.

3. Bir-biridan iloji boricha uzoqroq turish

Parvozdan oldingi tekshiruv, samolyotga o‘tirish, yukni topshirish – aeroportda uzun navbat kutishlar doim mavjud bo‘lgan. Endilikda unga haroratni o‘lchash uchun navbat ham qo‘shiladi. Odamlar o‘rtasida esa bir metrdan ikki metrgacha masofa bo‘ladi. Qog‘ozda IATA tomonidan berilgan taklif ancha oddiy ko‘rinadi. Biroq aeroportda bir marta bo‘lsa ham navbatda turgan odam buni tashkil etish oson bo‘lmasligini tushunadi.

4. Qo‘ldagi yukni bagajga topshirish

Oddiy bo‘lmagan yechimlarning yana biri. IATA aeroportlar va hukumatlar bortga o‘tkazish jarayonini tezlashtirish uchun geytlar ishini o‘zgartirishi kerak deb hisoblaydi. Birinchi qadam qo‘l yukiga tegish bo‘yicha cheklovlarga tegishli. Bu borada aviakompaniyalarning yuk uchun bepul joylar taklif etishi – savol ostidagi masala.

5. Samolyotdan boshqa hamma joyda ijtimoiy masofani saqlash

«Biz tahlil qilgan ma'lumotdan shu kelib chiqadiki, bortdagi bir yo‘lovchidan boshqasiga Covid-19’ning yuqishi ehtimoli past», deb yozadi IATA. Mutaxassislar buni samolyotlardagi havo bir soatda o‘n marta HEPA-filtrlar orqali o‘tishi, odamlar esa bir-biriga qarama-qarshi emas, yonma-yon o‘tirishlari bilan izohlaydi.

Kamida bir nafar ekspert bu fikrga qarshi: u yo‘lovchilar tomonidan chiqarilgan havo filtrga kelib tushgunicha salon bo‘ylab tarqalishi haqida eslatadi. Biroq IATA o‘zining bu boradagi fikrida qat'iy. Bu esa bitta reysga iloji boricha ko‘proq chipta sotishga intiladigan aviatashuvchilarning moliyaviy manfaatlari tomonidan bildirilgan pozitsiya.

«Bortdagi qo‘shimcha masofani yaratishga ehtiyoj yo‘q», deya xabar qiladi tashkilot mutaxassislari. IATA hujjatida salonda bo‘sh joy qoldirish yoki reys uchun sotilayotgan chiptalar sonini cheklash bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud emas. Yo‘lovchilarga niqob taqish maslahat berilgan, biroq bu taklif tavsiyaviy xarakterga ega.

6. Kasallik belgilari paydo bo‘lganida o‘ziga xos munosabat ko‘rsatilishi

Yo‘lovchi barcha tekshiruvlardan o‘tib, bortga tushganida ham parvoz davomida yo‘talishi mumkin. Avvaldan o‘rgatilgan styuardessalar unda Covid-19 mavjudligini tekshiradilar va bortdagi boshqa yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlashga harakat qiladi. Bu qanday amalga oshiriladi? Yo‘talayotgan yo‘lovchidan niqob taqish so‘raladi, boshqalardan bir metr masofaga o‘tkaziladi yoki uning atrofidagi joylar bo‘shatiladi (samolyot to‘la bo‘lganda buni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa kerak). Ekipaj a'zolaridan biri bemor haqida g‘amxo‘rlik qilish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Iloji boricha bunday yo‘lovchiga alohida hojatxona ajratiladi. Bu esa xususiy samolyotlardagi sharoitlarni yodga soladi.

7. O‘rindiqlarga antibakterial sochiqchalar bilan ishlov berish

Bunday sochiqchalarni aviakompaniya bepul taqdim etadi.

8. Yuklarni odatdagiga qaraganda tezroq olish

Chamadonlar ishqibozlari uchun kichik g‘alaba: yukni olish jarayonini tezlashtirish va ijtimoiy masofani ta'minlash uchun IATA konveyer lentalarining maksmimal miqdoridan foydalanishni taklif etmoqda. Endilikda o‘z buyumlaringizga yetib olish uchun boshqa uchta reys yo‘lovchilari bilan musobaqalashishingizga to‘g‘ri kelmaydi.

Mavzuga oid