Jahon | 08:11 / 09.06.2020
7777
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronning yuzlab kemalari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh moliya vazirligi Eronga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Unga Eronning 120 dan ko‘proq kemasi va transport kompaniyasi kiritildi.

Sanksiyalar neft tashuvchi tankerlar va energiya resurslarini tashish bilan shug‘ullanuvchi transport kompaniyalarini qamrab olgan. Jumladan, gap Eronning Islamic Republic of Iran Shipping Line (IRISL) davlat kemachilik kompaniyasi va uning Shanhayda joylashgan sho‘'ba korxonasi E-Sail Shipping Company Ltd (E-Sail) haqida bormoqda.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, IRISL va E-Sail’ga qarshi sanksiyalar kuchga kirib bo‘lgan. “Eronning yadro quroli va ular bilan bog‘liq tizimlarini ishlab chiqmasligini ta'kidlashiga qaramasdan, Eron tuzumi yadro quroliga qiziqish bildirmoqda va uning muhim elementlarini qo‘lga kiritish yo‘llarini izlamoqda”, deb yozgan Pompeo Twitter’da.

Sanksiyalar ommaviy qirg‘in qurollari va ularni yetkazish tizimlarini ishlab chiqishda ishtirok etuvchi shaxslar va kompaniyalarga taalluqli farmoyishga ko‘ra kiritilgan. Pompeoning ta'kidlashicha, IRISL “Eron ballistik raketalari va harbiy dasturlari bilan bog‘liq yuklarni bir necha bor tashigan”.

AQSh davlat kotibining qo‘shimcha qilishicha, IRISL yoki E-Sail bilan hamkorlik qiluvchi yoki ularni biror-bir tarzda qo‘llab-quvvatlovchi har qanday kompaniya ham sanksiyalar ostiga tushishi mumkin.

AQShning Eronga qarshi birinchi sanksiyalari 1970-yillarda kiritilgan. O‘shandan beri Vashington Eron iqtisodiyotining turli tarmoqlariga bosim o‘tkazishni kuchaytirib borgan. 2015 yilda Vashington Tehron bilan yadro kelishuvini tuzgach, bir qator sanksiyalar bekor qilingan. Biroq keyinroq Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, uning ma'muriyati Eron yadro qurolini yaratish rejasidan voz kechmagan deb hisoblab, ushbu sanksiyalarni qaytara boshlagan. 

Mavzuga oid