Sport | 09:07 / 09.06.2020
6653
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol o‘ynash mumkin, faqat karantin qoidalariga amal qilishni unutmaslik kerak – Nurmat Otabekov

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekovning aytishicha, sun'iy qoplamali futbol maydonlarida karantin qoidalariga amal qilgan holda sport bilan shug‘ullansa bo‘ladi.

«Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan 1 iyundan «sariq» va «yashil» hududlarda sport seksiyalari, to‘garaklari, sport zallari va fitnes klublar faoliyatiga ruxsat berilgan. Shunga ko‘ra, sun'iy qoplamali futbol maydonlarida sport bilan shug‘ullansa bo‘ladi. Faqat bunda karantin qoidalariga qat'iy rioya etish talab etiladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Respublika bosh davlat sanitariya inspektorining ta'kidlashicha, pirometr bo‘lmagan holatda fitnes zaliga tashrif buyuruvchilar uchun individual simob termometridan foydalanish mumkin, faqat buning uchun ayrim talablarni bajarish kerk bo‘ladi.

«Fitnes zaliga tashrif buyuruvchilar uchun individual simob termometridan foydalanishga ruxsat beriladi. Faqat bunday turdagi termometrdan har safar foydalanganingizdan keyin uni dezinfeksiya qilishingiz kerak. Shuni yodda tutish joizki, fitnes zalidagi termometrlar soni shug‘ullanuvchilar soniga mos bo‘lishi, ya'ni barchaga yetadigan miqdorda sotib olinishi kerak. Ammo bunday joylar uchun imkon qadar pirometr sotib olish tavsiya etiladi», deydi u.

Mavzuga oid