O‘zbekiston | 14:01 / 09.06.2020
6109
4 daqiqa o‘qiladi

Soliq tizimini raqamli rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi

Davlat budjetiga qo‘shimcha tushumlar hajmi 20 trln. so‘mgacha ortishi kutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “Soliq ma'muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 359-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Davlat soliq qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Strategiyasi belgilandi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, unda DSQ ma'lumotlarini qayta ishlash markazi va telekommunikatsiya qurilmalarini modernizatsiya qilish, server va dasturiy ta'minotlar xarid qilish, axborot tizimlari majmuini yagona platformaga o‘tkazish, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, katta hajmdagi ma'lumotlarni tezkor tahlil qilish tizimlarini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Natijada davlat budjetiga qo‘shimcha tushumlar hajmi 20 trln. so‘mgacha ortishi kutilmoqda.

Ushbu hujjat tizimning ma'lumotlar almashish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolarini hal etishga qaratilgan, jumladan:

mavjud ma'lumotlar bazasi hajmining yetarli emasligi;

serverlar xotira hajmining 90 foiz bandligi;

elektron xizmatlar soni 3,8 barobarga, axborot tizimlar soni 2,5 barobarga ortishi natijasida korporativ tarmoq tezligini oshirish zarurati yuzaga kelganligi;

turli axborot tizimlarining integratsiyalashuvi natijasida ma'lumotlar bazasida katta yuklanish hosil bo‘lganligi;

yagona platforma mavjud emasligi.

 Ma'lumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish natijasida:

ma'lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish tezligi 10 barobargacha oshiriladi;

ma'lumotlar bazasidagi axborotlarni konfidensialligini ta'minlash darajasi 100 foiz oshadi, tashqi xavflardan himoya qilish hamda ma'lumotlarni xavfsiz va ishonchli saqlash imkoniyatlari kengayadi;

ma'lumotlar bazasi hajmi 1 Petabaytgacha yetkaziladi.

 Business Intelligence va Big Data texnologiyalarini joriy etish strategiyaning asosiy vazifalaridan biri sifatida kiritilgan.

Mazkur texnologiyalarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida:

katta hajmdagi ma'lumotlarni qayta ishlash va tezkor tahlil qilish tizimlari kengayadi;

xufiyona aylanmalar darajasi keskin qisqaradi va soliq solinadigan baza kengayadi;

markazlashgan tizimlar orqali shakllangan ma'lumotlarni qayta ishlash natijasida bozor konyukturasini o‘rganish, tovar va xizmatlarning bozor narxlarini tahlil qilish hamda prognozlash imkoniyati yaratiladi;

xodimlarning 50-60 foizida ma'lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bilan shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 Soliq organlarining axborot tizimlari majmui to‘liq yagona platformaga o‘tkazilishi:

ma'lumotlarni kiritish, to‘plash, tahlil qilish tizimlarini optimallashtiradi;

ma'lumotlar bazasidagi katta yuklanishlarning oldini oladi;

soliq to‘lovchilarning hisobot topshirish jarayonini 5-7 barobargacha yengillashtiradi;

inson omili aralashuvini 60 foizga qisqartiradi;

soliq ma'muriyatchiligi va nazoratining mutlaqo yangi tizimini yaratish, shuningdek, korrupsiyaviy omillarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha preventiv va oldini olish choralarini qo‘llashga imkoniyat yaratadi.

 Soliq ma'murchiligida biznes jarayonlarni avtomatlashtirilishi biznes jarayonga sarflangan umumiy vaqtni 20-30 foizga qisqartiradi.

DSQ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilayotgan Case Management System, Case Assesment System tizimlarining yaratilishi orqali soliq auditi jarayonini avtomatik tarzda qayd etish, monitoring qilish, real vaqt rejimida ma'lumot va tahlillardan foydalanish orqali soliq tizimini takomillashtirishga erishiladi.

Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari va ularning mobil ilovalari sonini ko‘paytirish esa soliq xizmati xodimlari bilan munosabatlarda inson omilini 60 foizga qisqartiradi. Bu nafaqat korrupsiyaning oldini oladi, balki qog‘oz shaklidagi hujjat ishlarini ham keskin kamaytiradi.

Ushbu qarorda davlat soliq xizmati organlarining boshqa vazirlik va idoralar bilan axborot almashinuv tizimlari sonini oshirish ham belgilangan. Bu choralar soliq to‘lovchilarning majburiyatlari hisobini yuritishga oid yirik hajmdagi axborotlarni elektron tarzda olish, tahlil qilish va soliq solish bazasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid