Strategiya loyihasiga muvofiq, yuqumli bölmagan kasalliklarning oldini oliş va aholi salomatligini saqlaşda profilaktika samaradorligini oşiriş rejalaştirilmoqda. Ayniqsa, 40 yoş va undan katta aholi guruhida keng uçraydigan kasalliklarni erta aniqlaşga qaratilgan tadbirlar kuçaytirilişi közda tutilgan.

Loyihada kattalar orasida (40 yoş va undan katta) qandli diabetni erta aniqlaş körsatkiçini 70 foizgaça, şuningdek, arterial gipertoniya kasalligini erta aniqlaş körsatkiçini 70 foizgaça oşiriş maqsad qilingan. Bu körsatkiçlarga erişiş orqali kasalliklarning asoratlarini kamaytiriş, davolaş samaradorligini oşiriş va erta ölim xavfini pasaytirişga intiliş nazarda tutiladi.

Qon xizmati tizimini mustahkamlaş ham profilaktika va davolaşning muhim yönalişlaridan biri sifatida qayd etilgan. Loyihaga köra, tayyorlangan qon miqdorini 450 ming litrga yetkaziş rejalaştirilmoqda. Bu, öz navbatida, şoşilinç tibbiy yordam, jarrohlik amaliyotlari va qator kasalliklarni davolaşda qon komponentlariga bölgan ehtiyojni barqaror qoplaşga xizmat qilişi kutilmoqda.

Soğlom va faol keksalikni ta’minlaş doirasida 55 yoş va undan katta aholining 90 foizini har yili profilaktik tibbiy körikdan ötkaziş va soğlomlaştiriş vazifasi ham belgilangan. Bundan taşqari, 40 yoş va undan katta aholi orasida jismoniy faol aholi uluşini 50 foizga oşiriş maqsad qilingan (2025–2030 yillar oraliğida har 5 yilda bir marotaba tadqiqot ötkaziş rejalaştirilgan).

Mazkur çora-tadbirlar yuqumli bölmagan kasalliklarni erta bosqiçda aniqlaş, aholining soğlom turmuş tarziga intilişini kuçaytiriş va umumiy salomatlik körsatkiçlarini yaxşilaşga qaratilgan.