Jahon | 07:35 / 10.06.2020
5538
2 daqiqa o‘qiladi

BMT global oziq-ovqat yetishmovchiligidan ogohlantirdi

Hozirda dunyoda 820 mln kishi yetarlicha oziq-ovqatga ega emas va pandemiya sababli bu raqamlar oshib boradi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ma'lum qildi.

Foto: Carlo Allegri / Reuters

Guterrishning ta'kidlashicha, dunyo pandemiya sababli global oziq-ovqat yetishmovchiligiga to‘qnash keldi.

“Agar zudlik bilan choralar ko‘rilmasa, oziq-ovqat bilan bog‘liq global favqulodda vaziyat yuzaga kelishi mumkinligi tobora ayonlashmoqda. Bu favqulodda vaziyat yuz millionlab bolalar va kattalar uchun uzoq davom etuvchi oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin”, deb aytgan Guterrish.

BMT bosh kotibining aytishicha, hozirda 820 mln kishi yetarli miqdorda oziq-ovqatga ega emas va bu raqamlar shubhasiz oshib boradi. “Oziq-ovqat yetkazish tizimlarimiz jabr ko‘rmoqda va koronavirus pandemiyasi vaziyatni yomonlashtirmoqda”, deb aytgan Guterrish.

Shu sababli BMT davlatlarga aholi oziq-ovqat tizimini eng muhim deb tan olishni va bu sohada ishlovchi odamlar himoyasini ta'minlashni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarining uzluksiz yetkazilishini ta'minlash uchun davlatlarga oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi, transport va mahalliy bozorlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish tavsiya qilingan.

Bundan tashqari, BMT aholining eng zaif qatlamlari - bolalar, homiladorlar va emizikli ayollar, keksalar oziq-ovqatga ega bo‘lishlari uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovni kengaytirish zarur deb hisoblamoqda. 

Aprel oxirida BMTda insoniyat pandemiya sababli katta ko‘lamli ocharchilikka to‘qnash kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi mutaxassislari 2020 yil oxirigacha 265 mln kishi oziq-ovqat mahsulotlari o‘tkir yetishmovchiligini his qilishi mumkinligini aytishgan. Dastur ijrochi direktori Devid Bizli esa pandemiyani Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yomon gumanitar inqiroz deb atagan.  

Mavzuga oid