Jahon | 08:27 / 11.06.2020
9364
2 daqiqa o‘qiladi

Pxenyan AQShni Shimoliy va Janubiy Koreya munosabatlariga aralashmaslikka chaqirdi 

Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi AQShni Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarga aralashmaslikka chaqirdi, chunki Vashingtonning bunga haqqi yo‘q. 

Koreya markaziy telegraf agentligining ma'lum qilishicha, Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi bayonotida Pxenyan va Seul munosabatlari “Shimoliy Koreyaning ichki masalasi va koreys xalqigagina taalluqli hisoblanishi” aytilgan. Ma'lum qilinishicha, Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi AQSh davlat departamentining Pxenyanni Seul bilan hamkorlikni tiklashga chaqiruvchi bayonotini shu tariqa tanqid qilgan. 

Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligining AQSh bo‘yicha departamenti bosh direktori Kvon Chon Gun Vashington “noyabrdagi prezident saylovlari muammosiz o‘tishini istasa, unga koreys ishlaridan “o‘zini uzoqroq tutishni” maslahat qilgan hamda AQShning “munofiq munosabatini” “jirkanch” deb atagan. U Vashingtonga “tiliga erk bermaslikni va birinchi navbatda o‘z ichki ishlariga e'tibor qaratishni” tavsiya qilgan. 

Shimoliy Koreya 9 iyunda Janubiy Koreya bilan barcha aloqa kanallarini bloklashini e'lon qilgandi. Bundan avvalroq Pxenyan Seulni shimoliy koreyalik qochqinlarga Shimolga tashviqot varaqalari va boshqa materiallar jo‘natishiga to‘sqinlik qilmasa, Koreyalararo aloqa bo‘limini va boshqa qo‘shma loyihalarni yopishidan bir necha kun davomida ogohlantirgan.  

Mavzuga oid