Jamiyat | 22:34 / 11.06.2020
20357
3 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi «Mega Planet» majmuasida namozxona tashkil etildi

Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan «Mega Planet» savdo-ko‘ngilochar markazida namozxona tashkil etildi. Bu haqda majmuaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma'lumot berildi.

Foto: Mega Planet

«Qadrli do‘stlar, sizlarga shuni ma'lum qilamizki, «Mega Planet» savdo-ko‘ngilochar markazimizda namozxona ish faoliyatini boshladi», deyiladi xabarda.

Foto: Mega Planet

Qayd etish joiz, 2019 yil yanvaridagi prezident farmoni asosida O‘zbekistondagi aeroportlar, temiryo‘l va avtomobil vokzallarida ibodat xonalari tashkil qilina boshlandi. Bundan avvalroq, 2017 yil kuzida Toshkent xalqaro aeroportida namozxona ochilgan, 2018 yilda Qur'on va Hadis musobaqalari tashkil etilgan edi.

2020 yil fevralida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasida O‘zbekiston bo‘ylab ma'lum joylarda tahoratxona va namozxonalar tashkil etilishi nazarda tutilgan edi. Qaror imzolangan taqdirda, jamoat joylarida tahorat va ibodat qilish joylariga xos namunaviy talablar ishlab chiqilishi mumkin.

Foto: Mega Planet

Eslatib o‘tamiz, AQSh Davlat departamenti 2018 yil oxirida O‘zbekistonni diniy erkinlik bo‘yicha «qora ro‘yxat»dan chiqardi. 2020 yil apreliga kelib, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh Komissiyasi (USCIRF) ham O‘zbekistonni «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatidan chiqarib, «maxsus kuzatuv ostida»gi mamlakatlar qatoriga kiritdi.

10 iyun kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston hukumatini mamlakatda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani uchun maqtab o‘tdi.

«O‘zbekistonda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash bo‘yicha bir qator qadamlar qo‘yildi va bu davom etmoqda. Yil boshida men ushbu mamlakatda bo‘lganimda, diniy arboblar bilan ajoyib muzokaralar o‘tkazdim», – dedi AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari.

Mavzuga oid