Jahon | 16:18 / 12.06.2020
8895
3 daqiqa o‘qiladi

Italiyada bosh vazir so‘roq qilinadi. U koronavirus pandemiyasi vaqtida beparvolik qilishda ayblanmoqda

Prokuratura bosh vazirdan tashqari, ichki ishlar vaziri Luchano Lamorjyeze va sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speransani so‘roq qiladi.

Italiyaning koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Bergamo shahrida bosh vazir Juzeppe Konte so‘roq qilinadi. Bunga Covid-19dan dan halok bo‘lganlarning qarindoshlari hukumatni beparvolikda ayblab, tergov o‘tkazishni talab qilishgani sabab bo‘ldi. Konte bundan qo‘rqadigan joyi yo‘qligini aytdi

Marhumlarning qarindoshlari Bergamo va koronavirus tarqalgan boshqa yirik epimarkazlarda, hukumatni kutib o‘tirmasdan karantin joriy etish kerak edi deb hisoblashmoqda.

Payshanba kuni shahar prokuraturasiga koronavirusdan vafot etganlarning qarindoshlaridan tashkil topgan Noi Denunceremo jamoat tashkiloti tomonidan 50 ta shikoyat kelib tushdi.

Ular Lombardiyadagi Alsano-Lombardo va Nembro shaharlarida koronavirus tarqalishi aniqlangandan so‘ng darhol qizil hududlar deb e'lon qilinishi kerak edi deb hisoblashmoqda.

Foto: AFP

Bu Italiyada pandemiya bilan bog‘liq birinchi jamoaviy da'vodir. Lombardiyada muxolifatdagi “Shimol ligasi” partiyasi hokimiyat tepasida bo‘lib, ko‘pchilik koronavirusga qarshi kurashni qoniqarsiz tashkil etganlikda markaziy hukumatni emas, ushbu partiyani ayblamoqda.

Prokuratura bosh vazirdan tashqari, ichki ishlar vaziri Luchano Lamorjyeze va sog‘liqni saqlash vaziri Roberto Speransani so‘roq qiladi.

Prokurorlar ularni jinoiy loqaydlikda ayblash uchun asos bor-yo‘qligini aniqlash niyatida.

Evropada koronavirus aynan Lombardiyadan tarqala boshladi, Italiyadagi barcha o‘limlarning yarmidan ko‘pi ushbu hududga to‘g‘ri keladi.  

12 iyun holatiga ko‘ra, Italiyada epidemiya boshlanganidan buyon 236 mingdan ortiq kishida Covid-19 aniqlangan. Mamlakat o‘lim darajasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda (34,1 mingdan ortiq o‘lim).

Foto: AFP

Kim javobgar?

Konte "O‘zim bilgan barcha dalillarni vijdonan taqdim etaman. Tashvishlanayotganim yo‘q. Men har qanday surishtiruvni ma'qullayman. Fuqarolar bilish huquqiga ega, bizda esa javob berish huquqi bor", dedi.

Konte apreli oyida Bi-bi-si bilan bo‘lgan suhbatda uni inqirozni yetarlicha baholamaganlikda ayblashlariga qo‘shilmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda kasallik yuqtirish haqida ilk marta ma'lum bo‘lganidayoq karantin joriy etganida "uni telbaga chiqarishgan bo‘lishardi".

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte

Uning aytishicha, Italiya Uhandagi kabi keng miqyosli karantinni joriy eta olmaydi.

Lombardiya rasmiylari karantin joriy etish hukumatning vakolati bo‘lishi kerakligini ta'kidlamoqda. Lombardiya sog‘liqni saqlash vaziri Julio Galleraning so‘zlariga ko‘ra, Alsano Lombardo va Nembroda kasallik yuqtirish holatlari ko‘pligi 23 fevraldanoq ma'lum bo‘lgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid