O‘zbekiston | 07:37 / 13.06.2020
16633
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish tartibi o‘zgarishi mumkin

O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Nizomga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasida qonun hujjatlariga muvofiq mehnat, xizmat, ta'lim olish, davolanish, ziyorat, dam olish maqsadida hamda investor, faxriy fuqaro, vatandosh, sayyoh, xususiy mehmon sifatida yoki sport, madaniyat yo‘nalishida vaqtincha bo‘lishlari mumkin.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari (MvaFRB), joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalari orqali vaqtincha ro‘yxatga olinadilar.

Vaqtincha ro‘yxatga olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatga olingan joylarida yashashlari lozim.

O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z xohishlariga ko‘ra joylashtirish vositalarida, davolash muassasalarida yoki uy-joy maydonida taklif qilgan (qabul qiladigan) jismoniy va yuridik shaxslarni xabardor qilgan holda yashaydilar.

Jismoniy va yuridik shaxslar taklifisiz mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar pasport nazoratidan o‘tishdan oldin Nizomda nazarda tutilgan talablar va javobgarlik bilan tanishib chiqadilar. 

O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yonida pasport yoki harakatlanish hujjati bo‘lishi hamda ular bu hujjatlarni vakolatli organlar vakillarining talabiga muvofiq taqdim etishlari shart.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar milliy pasport yoki harakatlanish hujjati yo‘qolganligi haqida darhol qabul qiluvchi tashkilotga va ichki ishlar organlariga xabar qilishlari lozim.

Sayyohlarning hujjatlarini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadigan soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tashkilotlardan birining taklifiga muvofiq kelgan hollarda boshqa tashkilot ushbu fuqaroga nisbatan majburiyatlarni va Nizomda nazarda tutilgan javobgarlikni zimmasiga olgan holda, uni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida qabul qilish huquqiga ega.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish va uning hududida harakatlanishi uchun ruxsatnomalar berish tartibi O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlari bilan, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda teng asoslarda o‘zgartirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga rioya etishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tegishli ravishda milliy pasport yoki harakatlanish hujjati bilan vaqtincha ro‘yxat asosida yashaydilar. Vaqtincha ro‘yxatga olish chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelganlaridan keyin hududiy MvaFRB yoki davolash muassasalariga uch ish kuni davomida, joylashtirish vositalariga esa ikki kun davomida murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.

Vaqtincha ro‘yxatga olinishning muddati chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi nazorat-o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan sanadan keyingi kunning 00:01 soatidan boshlab hisoblanadi.

Quyidagilar vaqtincha ro‘yxatdan ozod qilinadilar:

a) respublikaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining taklifiga muvofiq kelgan xorijiy mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari, parlament va hukumat delegatsiyalarining a'zolari, ushbu delegatsiyalarning texnik xodimlari, sanab o‘tilgan shaxslarning oila a'zolari;

b) Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan berilgan pasportlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga kelgan shaxslar;

v) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

g) 16 yoshga to‘lmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

d) O‘zbekiston Respublikasiga bayram va dam olish kunlarida yoki oddiy kunlarda uch ish kunigacha bo‘lgan muddatga keladigan hamda shu kunlar davomida respublikadan chiqib ketadigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;

ye) sayohat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar ularning respublikaning har bir aniq aholi punktida bo‘lish muddati uch kundan oshmasa, ularning bo‘lganligini tasdiqlaydigan hujjatlar (xizmatlardan foydalanganligini, tovarlar xarid qilganligini tasdiqlaydigan hujjatlar, foto yoki videotasvirlar)dan biri mavjud bo‘lganda. Bunda bitta aholi punktida uzluksiz ro‘yxatdan o‘tish talabi qo‘yilmaydi;

j) O‘zbekiston Respublikasiga belgilangan tartibda kelgan chet el harbiy samolyotlari (kemalari) ekipajlarining a'zolari;

harbiy samolyotlar (kemalarning) ekipajlari a'zolarining qirg‘oqqa tushishi va O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab yurishiga harbiy samolyotlar (kemalar) qabul qilish rejasiga muvofiq katta (harbiy) boshliq tomonidan ruxsat etiladi;

z) xalqaro yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashishni amalga oshiruvchi xorijiy avtotransport vositalari ekipajlari tarkibiga kiruvchi shaxslar, tashishlarni amalga oshirayotgan yo‘nalishlaridagi shaharlarda va aholi yashash joylarida, shu jumladan, boradigan joylarida bo‘lgan chog‘larida;

i) harbiy bo‘lmagan chet el kemalari ekipajlari tarkibiga kiruvchi shaxslar garnizonlarda va chegara shaharlarida bo‘lgan chog‘larida, bu shaxslar uyushgan holda sayohatga chiqqan vaqtlarida esa, O‘zbekiston Respublikasining boshqa shaharlarida ham. Chet el fuqarolari ko‘rsatib o‘tilgan toifalarning obektlardan chiqishlariga portlarda amalda bo‘lgan qoidalar va yo‘riqnomalarga muvofiq chegara qo‘shinlari vakillari tomonidan ruxsat etiladi;

k) xalqaro aviatsiya yo‘llarining fuqaro havo kemalari ekipajlari, xalqaro temir yo‘l poyezdlari brigadalari tarkibiga kiruvchi shaxslar, qatnovning amaldagi jadvalida ko‘rsatilgan aeroportlarda yoki bekatlarda bo‘lgan chog‘larida.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha ro‘yxatga olish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

a) joylashtirish vositalari va davolash muassasalari ma'muriyati tomonidan ular kelib joylashgan vaqtda, qancha muddat bo‘lishlaridan qat'i nazar, “E-mehmon” dasturi yordamida;

b) chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni taklif qilgan (qabul qilayotgan) va ularga turar joy bergan jismoniy shaxslar tomonidan:

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bo‘lish muddati 30 kundan oshmasa, ular kelib joylashgan paytda “E-mehmon” dasturi yordamida yoki uch ish kuni ichida hududiy MvaFRBga murojaat etish orqali;

agar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning bo‘lish muddati 30 kundan oshsa, uch ish kuni ichida hududiy MvaFRBga murojaat etish orqali;

v) mustaqil ravishda sayohat qilayotgan, palatkali lagerlarda va tunash uchun joylashish vositasiga aylantirilgan yer transportida yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kelganlaridan keyin ikki kun mobaynida turistik-axborot markazlariga yoki yaqin oradagi joylashtirish vositalariga murojaat qilish yo‘li bilan “E-mehmon” dasturi orqali.

Joylashgan shaxslarning hisobi joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining mas'ul shaxslari tomonidan yuritiladi.

Joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining mas'ul shaxslari tomonidan ushbu talabning buzilishi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

MvaFRB, joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining mas'ul shaxslari hamda fuqarolar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vaqtincha ro‘yxatga olingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar IIV MvaFRBBda umumlashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida chet el fuqarolarining quyidagi toifalari akkreditatsiya qilinadi:

a) xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining boshliqlari va xodimlari, harbiy attashelar, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining ma'muriy-texnik va xizmat ko‘rsatish xodimlari, ularning qaramog‘i ostidagi oila a'zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan va uning hududida doimiy yashamaydigan uy ishchilari;

b) ommaviy axborot vositalarining vakillari va ularning oila a'zolari;

v) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro va hukumatlararo tashkilotlarning vakolatxonalari boshliqlari va xodimlari, shuningdek, ularning qaramog‘i ostidagi oila a'zolari;

g) O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan iqtisodiy, texnikaviy hamkorlik va gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xorijiy davlatlar hukumat tashkilotlarining boshliqlari va xodimlari, shuningdek, ularning qaramog‘i ostidagi oila a'zolari;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mazkur shaxslarga akkreditatsiya kartochkalari beriladi hamda bevosita ularning milliy pasportlariga akkreditatsiya haqida yozib qo‘yiladi.

30 kungacha vaqtincha ro‘yxatga olish uchun taklif qilgan (qabul qiladigan) shaxslar “E-mehmon” dasturi orqali turistik yig‘imni (mehmonxona yig‘imini) to‘laydilar va unga quyidagi ma'lumotlarni kiritadilar:

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vaqtincha ro‘yxatga olinadigan manzil va uy-joy mulkdori (mulkdorlari) to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiya, ismi, otasini ismi, tug‘ilgan sanasi, ko‘chmas mulkning kadastr raqami, telefon raqami);

chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar (familiya, ismi, otasini ismi (mavjud bo‘lsa), tug‘ilgan sanasi, kelishdan maqsadi, viza turi, berilgan sanasi va amal qilish muddati, milliy pasport yoki harakatlanish hujjatining seriya va raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati).

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni 30 kungacha va undan ortiq muddatga vaqtincha ro‘yxatga olish uchun taklif qilgan (qabul qiladigan) jismoniy va yuridik shaxslar hududiy MvaFRBga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

milliy pasport yoki harakatlanish hujjati;

kadastr hujjatlarining (kadastr pasporti, ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan ko‘chirma) asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);

uy-joy mulkdori (mulkdorlari)ning yozma arizasi (roziligi) yoxud shaxsan topshirish imkoni bo‘lmaganida, notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi);

agar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehnat faoliyati bilan shug‘ullansa, qabul qiluvchi yuridik shaxsning belgilangan shakldagi talabnomasi;

investitsiya loyihasini amalga oshirish haqidagi ma'lumotlar – xorijiy investorlar, ular tomonidan chet el fuqarolari orasidan jalb etiladigan mutaxassislar va ularning oila a'zolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari) uchun investitsiya loyihasi viloyat hududida amalga oshirilgan taqdirda;

“Faxriy fuqaro” maqomini berish to‘g‘risidagi guvohnoma – “Faxriy fuqaro” maqomi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, ularning oila a'zolari (eri, xotini va voyaga yetmagan farzandlari) uchun;

30 kungacha vaqtincha ro‘yxatga olinganlik uchun turistik (mehmonxona) yig‘imni to‘laganlik to‘g‘risidagi kvitansiya;

hujjatlarni ko‘rib chiqqanlik va rasmiylashtirilganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Davlat bojlari stavkalarida belgilangan miqdorda davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida kvitansiya.

Davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

8 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi budjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

92 foizi – O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobiga o‘tkaziladi.

Mavzuga oid