Jahon | 01:24 / 14.06.2020
18552
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiylari endi o‘zgalarning nizolarini hal qilmaydi - Tramp

Donald Tramp 2018 yil yozida Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy bilan birgalikda bergan matbuot anjumanida ham deyarli xuddi shunday bayonot bergandi.

Foto: AP / Evan Vucci

AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika harbiylari endi boshqa mamlakatlarni tiklamasligini va o‘zgalarning nizolarini hal qilmasligini aytdi.

"Biz nihoyasiz urushlar davrini tugatmoqdamiz. Amerikaning hayotiy muhim manfaatlarini himoya qiladigan yangi, sof nigoh o‘z joyiga qaytdi. Odamlar hattoki eshitmagan uzoq mamlakatlardagi qadimiy nizolarni hal qilish amerikalik harbiylarning majburiyatiga kirmaydi. Biz bu dunyoning politsiyachisi emasmiz", - dedi Tramp Vest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchilariga qilgan murojaatida.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, Amerika armiyasi boshqa mamlakatlarni tiklash emas, o‘z mamlakatini tashqi dushmandan himoya qilish tamoyiliga qaytadi.  

Qayd etilishicha, shu bilan birga, Tramp kongressga AQSh harbiylari terrorizmga qarshi kurashish uchun ilgari kiritilgan mamlakatlarda qolishi haqida ma'lum qilgan. AQSh harbiylari Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Iordaniya, Turkiya, Livan, Misr, Filippin, Arabiston yarim oroli, Kosovo, sharqiy Afrika, Chad ko‘li havzasi va Sohil regionida joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2018 yil yozida Nigeriya prezidenti Muhammadu Buxoriy bilan birgalikda bergan matbuot anjumanida ham deyarli xuddi shunday bayonot bergandi.  

“Biz borgan sari kamroq dunyo politsiyachisi bo‘lishni istamoqdamiz. Biz o‘nlab yillar davomida dunyoda tartib saqlash uchun ulkan mablag‘lar sarflaganmiz va bu bizning ustuvor vazifamiz bo‘lmasligi kerak. Biz o‘zimizda tartib o‘rnatmoqchimiz va o‘z davlatimizni tiklamoqchimiz”, degandi AQSh prezidenti.

Mavzuga oid