Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronning Suriya bo‘yicha siyosati o‘zgaradimi?
2011 yilda boshlangan fuqarolik urushining har bir bosqichida Bashar Asadni siyosiy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan Eron bu ishni avvalo o‘zining siyosiy barqarorligi va xavfsizligini ta'minlash uchun amalga oshirdi. Bu esa o‘z navbatida Tehronning xavfsizligi Damashqdan boshlanishini, ya'ni Eron xavfsizlik chegarasini o‘z hududidan tashqarida belgilaganini anglatardi.
Eronning «jilov»ini kim tortib turibdi?
Eron Suriya bilan quruqlikda umumiy chegaraga ega emasligi bu fikrning naqadar og‘ir va ekspansiyaviy xarakterga egaligini ko‘rsatdi. Eron nafaqat Suriyani, balki Iroq, Livan va Yamanni ham qamrab oluvchi kengroq mintaqaviy tizimni ko‘zlamoqda. Aytish mumkinki, «Shia hiloli» formulasi ham ushbu tizimning hosilasidir. Yuqorida aytib o‘tilgan ekspansionizm esa o‘zida harbiy va strategik jihatlardan tashqari, Eronning Suriyaga iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham kirib borganini ifoda etadi.
Biroq ta'kidlash joizki, Tehron muvaffaqiyatga yolg‘iz o‘zi erishgani yo‘q. 2015 yilda Rossiya urush maydoniga kirib keldi va havo hujumlari bilan muxolifatni chekintirishga kirishdi. Shu davrdan e'tiboran Asad uchun xavf-xatar yo‘qolishi barobarida Suriya masalasi Tehron ma'muriyati uchun harbiy xavfsizlik maqomidan chiqdi.
Endilikda Tehron Suriyani o‘z xavfsizligi uchun asos, Asadni hokimiyat tepasida ushlab turishni esa strategik yutuqlarning kaliti sifatida ko‘radi. Ammo bu davlatning Suriyadagi ta'siri cheklangan. AQSh, Rossiya, Turkiya va boshqa kuchli figuralar Eronning «jilovini tortib turibdi». Shu bois ham bu davlat Suriyada avvalgidek bemalol ish yurita olmayapti.
Eronning Suriyadagi yo‘qotishlari va yutuqlari
So‘nggi yillarda Eron harbiy kuchlari yoki Islom inqilobi muhofizlari (DMO) tomonidan muvofiqlashtirilgan shia militsiyasining mintaqaviy bo‘linmalari yo‘qotishlarga uchramoqda. Ushbu yo‘qotishlarning asosiy sababi esa Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan havo hujumlaridir. Mazkur operatsiyalar davomida Eron yuzlab askarlarini yo‘qotdi. Eronning Suriyadagi hamkori Rossiya esa bu vaziyatga jimgina qarab turibdi. Isroilning Rossiya havo hujumi mudofaa tizimlari qarshiligini yengib o‘tib, hujum qilolmasligini hisobga olsak, Rossiya Suriyada Eronni cheklashga urinayotgani oydinlashadi.
Shu ma'noda, Rossiya Xalqaro ishlar kengashi (RIAC) tadqiqot institutining Rossiya-Turkiya-Eron aloqalari to‘g‘risida e'lon qilgan hisoboti e'tiborga molik. Mazkur hisobotda keltirilishicha, Rossiya va Turkiya Asadni hokimiyatdan olishga, Suriya muxolifatini ham ichiga oladigan o‘tish davri hukumatini tuzish to‘g‘risida kelishib olishgan. Buni Rossiyaning Suriya masalasida o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqayotgani sifatida baholash mumkin.
Rossiyadan kam xarajat qilinmagan
Ehtimol, Eron Asadni hokimiyat tepasida ushlab turishda Rossiya kabi ta'sir kuchiga ega bo‘lmagandir, lekin eronliklar urushda Rossiyadan kam xarajat qilishgani yo‘q. Eronning oldingi parlament a'zolaridan biri bo‘lgan Hashmetulloh Felahetpishening Asadni hokimiyat tepasida tutib qolish uchun 20-30 milliard dollar sarflangani to‘g‘risida bergan bayonoti ham buning yaqqol dalilidir.
Ma'lumki, Eronning tashqi siyosatini belgilashda Tashqi ishlar vazirligidan tashqari turli institutlar ham o‘z huquqiga ega. Ulardan biri parlamentdagi Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasidir. Ushbu komissiya a'zosi bo‘lgan Felahetpishe tomonidan berilgan bayonot rasmiy ahamiyatga ega bo‘lib, tashkilotning Suriya masalasiga yondashuvini aniq ko‘rsatmoqda.
Suriyada qariyb 3 ming askar yo‘qotildi
Eron tashqi siyosatidagi eng ta'sirli organlardan yana biri – bu Islom inqilobi muhofizlaridir. Suriyadagi fuqarolar urushi davrida nufuzi va mintaqaviy siyosatni belgilashdagi roli ortgan bu tashkilot o‘z ustunligini yo‘qotishni istamaydi. Garchi Qosim Sulaymoniy Suriya inqirozidan oldin ham mashhur harbiy arbob sifatida tanilgan bo‘lsa-da, so‘nggi 10 yil ichida u eronliklar nazdida afsonaviy maqomga ko‘tarildi. Dafn marosimida millionlab odamlar ishtirok etgani, izdihom va e'tirofli bayonotlar uning mamlakat hayotida naqadar qiymatli shaxsga aylanganini ko‘rsatdi. Uning o‘limi hatto Eron rejimidan juda uzoq bo‘lgan eronliklarning ham ongida «eronlik» tushunchasini uyg‘ota oldi.
Ta'kidlash joizki, Qosim Sulaymoniy kabi boshqa qo‘mondonlar va askarlarning Suriyada o‘lim topgani haqidagi xabarlar ham Eron jamiyatining Suriya bilan bog‘liq tuyg‘ularini junbishga keltirmoqda. Fuqarolar urushi boshlangandan beri Suriyada Eronning qariyb 3 ming askari halok bo‘ldi. Ko‘plab harbiylar jarohatlandi. Bundan tashqari, turli mamlakatlardan DMO tomonidan Suriyada jang qilish uchun keltirilgan shia militsiyalarining dafn marosimlari ham Eronda o‘tkazilmoqda. Bu esa urushning siyosiy nazariyasini «oziqlantirmoqda».
Ekspansiyaviy siyosat iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda
Eronning Suriyadagi fuqarolar urushiga aralashishi ichki siyosatga ham bosim o‘tkazmoqda. Yo‘qotilgan har bir askar Eronning Suriya mojarosiga aralashishi qanchalik to‘g‘ri ekani haqidagi bahslarga sabab bo‘lmoqda. Mamlakatda so‘nggi uch yil davomida takrorlangan norozilik namoyishlarida ko‘tarilgan eng muhim masalalardan biri ham Eronning ekspansiyaviy faoliyati mamlakat iqtisodiyotida muammolar keltirib chiqarayotganidir. Xususan, o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida yuzlab insonlar o‘limiga va jarohat olishiga sabab bo‘lgan benzin narxining oshishiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari Eron iqtisodiy tuzilmasining naqadar zaifligini ko‘rsatib qo‘ydi. Mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yomonligining asosiy sababi sifatida esa Suriyada sarflanayotgan mablag‘lar ko‘rsatildi.
Eron – Suriya iqtisodiyotining yetakchi ishtirokchisi
Iqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, Eron allaqachon Suriya iqtisodiyotining yetakchi ishtirokchilaridan biriga aylangan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2021 yil martga qadar 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hozirda yana ko‘plab savdo tarmoqlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, urush natijasida vayron bo‘lgan Suriyani qayta tiklashda Eron kompaniyalari muhim rol o‘ynamoqda. Suriya amaldorlari ham Eron kompaniyalariga imtiyozlar berilishini aytishmoqda. Hozirdanoq yuz minglab yangi uy-joy loyihalari amalga oshirila boshlandi.
Bundan tashqari, telekommunikatsiya liniyalari kabi turli infratuzilma loyihalari ham Eron kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda. Inqilob qo‘riqchilariga qarashli Hatem-ul Enbiya Qurilish shtab-kvartirasi va unga bog‘liq qurilish kompaniyalari bu borada yalovbardorlik qilmoqda. Damashq va Halab bozorlarida esa Eron markalari va Eronda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ustun mavqega ega. Ya'ni mamlakatning Suriyadagi iqtisodiy ta'siri kundan kunga ortib bormoqda.
Eronning Suriyadagi ta'siri nafaqat harbiy, siyosiy va iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham ahamiyatga ega. Ushbu mamlakatlarning ikki tomonlama munosabatlari fuqarolar urushidan oldin ham kuchli edi. Ikki davlat jamoasini yaqinlashtirish, ayniqsa, talabalar almashinuvi dasturlari bilan bog‘liq jarayonlar shular jumlasidandir.
O‘ta xavfli siyosat yuritilmoqda
Urush paytida esa Eron Suriyadagi ijtimoiy sarmoyalarini yangi bosqichga ko‘tardi va munosabatlardagi muvozanatni o‘z foydasiga og‘dirdi. Mazhablararo identifikatsiya siyosati olib borildi. Shu ma'noda, so‘nggi yillarda Eronning Suriyadagi demografik muhandislik tadqiqotlari e'tiborni tortmoqda.
Tehron ma'muriyati urushdan bo‘shagan mintaqalarda shia aholisini joylashtirmoqda. Shunday qilib, u ham o‘zining siyosiy ta'siriga asos yaratmoqda, ham keyingi davrlarda yuzaga keladigan mazhablararo nizolarga yo‘l ochmoqda. Bu o‘ta xavfli siyosatning Eron uchun oqibatlari og‘ir bo‘lmasligiga kafolat yo‘q. Masalan, so‘nggi paytlarda Iroq va Livan kabi aholisi orasida shialar ko‘p bo‘lgan mintaqalarda Eron antipatiyasi kuzatilayotgani Eronning mazhab orqali olib borgan siyosati unchalik ham muvaffaqiyatli emasligini ko‘rsatmoqda. Ammo hozircha Tehron ushbu siyosatdan voz kechmoqchi emas.
Tehronning Suriya strategiyasini o‘zgartirish qiyin
Eron so‘nggi yillarda ko‘plab inqirozlarga duch keldi. Ushbu inqirozlar davlatning mintaqaviy siyosatiga ham ta'sir qildi. Natijada Eron Suriyada avvalgi yillarga nisbatan zaif pozitsiyaga o‘tdi. Iqtisodiy tuzilmani yaxshilash va ijtimoiy keskinlikni pasaytirish uchun Suriya siyosati qayta ko‘rib chiqilishi lozim ko‘rinsa-da, Tehron ma'muriyati bu borada hech bir o‘zgarish qilmadi. Na Qosim Sulaymoniyning o‘limi, na koronavirus pandemiyasi, na Isroilning havo hujumlari va na AQSh bilan yuzaga kelgan keskinlik Eronning Suriya siyosatini o‘zgartira oldi. Vaqti-vaqti bilan Sodiq Zibakelam kabi islohotchi ziyolilar mamlakatning Suriya siyosatini tanqid qilayotganiga qaramay, Eron siyosiy elitasi o‘zining Suriyaga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmayapti. Suriyada kuch yo‘qotilayotgan bo‘lsa-da, Eron kelgusi davrda barcha siyosiy da'volaridan voz kechib, mintaqadan chiqib ketmoqchi emas.
Otabek Tillayev tayyorladi
Mavzuga oid
22:12
AQSh Ukraina va Erondagi urushlar tufayli dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
21:17
Tramp Eron neft va gaz bozorlarini «to‘liq Amerika nazorati ostiga» olishga va’da berdi
20:29
Eron afsonaviy Apacheʼni urdi. Urush qaytalandi
14:21