O‘zbekiston | 08:06 / 17.06.2020
5431
2 daqiqa o‘qiladi

25 iyun kuni O‘zbekiston va Isroil birinchi xalqaro aviareysni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda

Isroil elchisi ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muhokamalar jarayonini imkon qadar qisqa fursatlarda boshlash, tashkiliy masalalar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash choralarini tezkor ishlab chiqishni taklif qildi. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Isroil davlatining favqulodda va muxtor elchisi Eduard Shapira bilan uchrashdi. 

Turizm qo‘mitasi xabarida ta'kidlanishicha, Isroil sanitar-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan mamlakatlar guruhiga kiradi. Shunday ekan, Isroil davlatidan mamlakatimizga “yashil reyslar” yo‘lga qo‘yilib, ularning fuqarolari O‘zbekistonga tashrif doirasida karantinga yo‘naltirilmaydi. 

Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning ikki tomonlama turistik almashuvni tiklashga doir ishlarni boshlash, xalqaro aviaqatnovlar tiklangan holda, isroillik sayyohlarni maksimal qulaylik va xavfsizlik bilan ta'minlashga tayyor ekanini bildirdi.

Eduard Shapira ikki mamlakat aviatsiya hukumatlari o‘rtasida muhokamalar jarayonini imkon qadar qisqa fursatlarda boshlash, tashkiliy masalalar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash choralarini tezkor ishlab chiqishni taklif qildi. U Isroil turizm vazirligi hamda elchixonasi O‘zbekiston isroillik sayyohlarni qabul qiluvchi birinchi mamlakatlar qatorida bo‘lishi uchun har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini alohida ta'kidladi.  

Diplomat Isroil tomonning 25 iyun kuni Toshkentdan Tel-Avivga birinchi reysni tashkillashtirishda ko‘mak ko‘rsatish iltimosini yetkazdi. O‘zbekiston tomon ushbu masalani qisqa fursatda ko‘rib chiqib, mamlakatimizga sayyoh sifatida tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Isroil fuqarolari uchun tijoriy asosida “Tel-Aviv - Toshkent” yo‘nalishidagi reyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Mavzuga oid