«Nogironligi bor shaxslar uchun ta'lim yashash quroli sanaladi»

Oybek Isoqov, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi:

– 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha rasmiy tarzda 710 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan. Ularning 101 ming nafari – 16 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan bolalardan iborat.

Bu bolalarni ta'limga qamrab olinishida kamchiliklar bor. Masalan, ta'lim bilan qamrab olinmagan, uyda o‘tirib qolayotgan imkoniyati cheklangan bolalar bor. Agar maktablarda inklyuziv ta'lim bilan qamrab olish uchun sharoit yaratilsa, 101 ming imkoniyati cheklangan bolalarning 80 ming nafari bemalol maktabga bora oladi.

Hozir «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun Senat tomonidan ko‘rib chiqilyapti. Qonunning 20-moddasida inklyuziv ta'lim to‘g‘risidagi band kiritilyapti. Biroq bu modda xalqaro talablarga javob bermaydi.

Moddada maktablarda nogiron bolalarga sharoit yaratib berilsa, imkoniyati cheklangan bolalar u yerda ta'lim olishlari mumkinligi aytilmoqda. Agar sharoit yaratilmasa-chi?

Shuning uchun biz bu borada o‘z takliflarimizni ishlab chiqdik va Senatga yubormoqchimiz. Unda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

Avvalo, qonunda inklyuziv ta'lim tushunchasini ochib berish lozim. Sababi bizda hozirgacha bu tushuncha aniq ochib berilmagan.

Maktablarda inklyuziv muhit yaratish davlat tomonidan majburiy bo‘lishi kerak. Hozirgi qonunga ko‘ra, maktablarda imkon bo‘lsa, inklyuziv ta'lim sharoiti yaratilishi, imkon bo‘lmasa, yaratilmasligi mumkinligi aytilgan. Imkoniyati cheklangan bolalar ham O‘zbekiston fuqarolari, ular ham boshqalar qatori ta'lim olish huquqiga ega.

Bolalarning sifatli ta'lim olishi juda muhim. 2019 yil holatiga ko‘ra, 710 mingga yaqin nogiron fuqarolarning 609 ming nafari 16 yoshdan kattalar va ularning bor-yo‘g‘i 10 foizi oliy ma'lumotli hisoblanadi. Ko‘rinib turganidek, oliy ma'lumotli nogiron fuqarolar juda kam. Biroq kambag‘allikni qisqartirishning asosiy shartlaridan biri – oliy ta'lim berish.

Bundan tashqari, nogironlar uchun ta'lim yashash quroli sanaladi. Ularda jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish imkoni kam bo‘ladi, shuning uchun sifatli ta'lim olish va oliy ma'lumotli bo‘lish orqali daromad topish imkoniga ega bo‘lishadi. Oliy ma'lumoti bo‘lmagan nogironlar ko‘p hollarda uyda o‘tirib qolishadi.