«Sobiq hokim, prokuror qurilish tashkiloti ochgan. Nega?! Axir u quruvchi emas-ku!» Toshkent viloyati hokimi qurilishdagi korrupsiya haqida
Rustam Xolmatovning aytishicha, tashkilot qurilishni vaqtida bajara olmasa, oyma-oy, kunma-kun hisoblangan parametrlardan asossiz ravishda ortda qolsa, holat atroflicha o‘rganib chiqiladi, asossiz ravishda shunday qilgan bo‘lsa, tuzilgan shartnoma bekor qilinadi.
Toshkent viloyati hokimi bu haqda viloyatdagi qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qurilish sohasida shu choqqacha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilingan.
«Qiziq fakt. Turli dasturlar va rasmiy topshiriqlar bo‘yicha qurilishi kerak bo‘lgan bitta obektda, viloyatda o‘rtacha 24 ta qurilish tashkiloti to‘g‘ri kelyapti. Buning sababi nima? Yashirib nima qildik, shunday davrlar bo‘ldiki, qurilish sohasida korrupsiya avj oldi, ajratilgan mablag‘ning enidan-bo‘yidan urib qolish evaziga sifatsiz qurilgan binolarni ko‘rdik, ko‘ryapmiz», – dedi Rustam Xolmatov.
Majlisda qurilish ishlarini sohaning o‘z egalari olib borishi muhimligi ta'kidlangan.
«Sobiq hokim, prokuror, soliq idorasining rahbarlaridan biri bo‘lib ishlagan odam keyinchalik qurilish tashkiloti ochgan. Nega?! Axir u quruvchi emas-ku! Chunki qurilishda «otkat» bor, pul bor. Men o‘zim shundaylarning biri bilan suhbatlashdim. «Nima qura olasan?», deb so‘rasam: «Nima qur desangiz, quraman!», deydi. Yo‘q, bu – endi quruvchining gapi emas. Obekt olib, uni yollanma ishchilarga topshirib, o‘rtada pul ishlaydigan o‘rtakashning gapi bu», deya ta'kidladi viloyat rahbari.
Viloyat hokimi Parkentda qurib bitkazilgan bo‘lsa-da, ayrim kamchiliklari borligi uchun hali qabul qilib olinmagan, budjetdan ajratilgan mablag‘lar to‘la o‘zlashtirilmagan maktabgacha ta'lim tashkilotining bahordagi kuchli shamol natijasida tomi uchib ketganini yodga olib, endilikda yana mablag‘ sarflab inshootni qayta qurayotgan quruvchi uchun bu katta saboq bo‘lishi zarurligini ta'kidladi.
Bundan tashqari, uchrushuvda Angren shahrida 2018 yili foydalanishga topshirilishi belgilangan maktabgacha ta'lim tashkiloti haligacha foydalanishga topshirilmagani, sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanish oqibatida binoning taqdiri noma'lum qolayotgani tanqid qilindi. 2019 yilda shahar va tumanlar hokimlarining tavsiyasi asosida obektlar uchun qurilish korxonalari tanlangan bo‘lsa, joriy yil ochiq tender yo‘li bilan quruvchilar saralab olingan.
«Qurilishda ikkita asosiy me'yor bor – sifat va muddat. Biroq, ayrim qurilish tashkilotlari tomonidan ko‘pincha obektni foydalanishga rajalashtirilgan vaqtidan kechiktirib topshirish «an'ana»si bor. Endi bunday bo‘lmaydi. Qaysi tashkilot qurilishni vaqtida bajara olmasa, oyma-oy, kunma-kun hisoblangan parametrlardan asossiz ravishda ortda qolsa, holat atroflicha o‘rganib chiqiladi, asossiz ravishda shunday qilgan bo‘lsa, tuzilgan shartnoma, kerak bo‘lsa, bir tomonlama bekor qilinadi.
Bu gaplardan murod birovni qo‘rqitish, cho‘chitish emas. Maqsad, qurilish, bunyodkorlik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati quruvchilari obro‘sini joyiga qo‘yish! Biz sizlarga ishonganmiz – tender yakunlari bo‘yicha aynan sizlar 2020 yilgi dasturlar bo‘yicha rejalashtirilgan qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borishingiz aniq. Endi marhamat qilib, halol-pok ishlanglar! Faqat tender paytida berilgan va'dalar, ko‘rsatilgan texnika va ishchilar amalda mavjudmi yoki o‘rtada turib, qurilishga uchinchi tomonni jalb qilib, budjet mablag‘i talon-toroj qilinmaydimi – gap shunda», – dedi Rustam Xolmatov.
Qayd etilishicha, oxirgi bir yilda viloyatda 20dan ortiq qurilish tashkilotlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Viloyat hokimi bu masalaga to‘xtalar ekan, qurilish jarayonidagi e'tiborsizlik, loqaydlik tufayli yo‘l qo‘yilgan bu kamchiliklarning oldini vaqtida olishga e'tibor qaratgan.
Rustam Xolmatov qurilish ishlari boshlangandayoq har bir obekt bo‘yicha tegishli jamoatchilik vakili – xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, moliya boshqarmasi, davlat moliyaviy nazorat organining viloyat boshqarmasi vakillari ishlarning borishi, sifati kalendar-rejaga, tegishli ko‘rsatkichlarga muvofiqligi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatishi bo‘yicha tizim tashkil etishga topshiriq berdi.
Unga ko‘ra, endilikda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan qurilish ishlarining borishini tegishli nazorat-taftish organlaridan tashqari, sektor rahbarlari, deputatlar, moliya organlari nazorat qilib borishi, inshootning o‘z vaqtida va yuqori saviyada foydalanishga topshirilishi yuzasidan barchaga nisbatan hisobdorlik joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
«U yoki bu quruvchiga sodir etgan qilmishi uchun jinoiy ish ochilishi – chuqur qaraganda, bo‘lar ish bo‘lgandan keyingi jarayon. Jamiyat va davlat uchun yutuq emas, yutqiziq. Nega endi hali u ishni olib borayotgan, qurilish jadal ketayotgan paytda davlat budjeti mablag‘larini o‘zlashtirishiga mas'ullar jim qarab o‘tiradi? Aytaylik, istalgan tuman moliya bo‘limi rahbaridan hududidagi qurilish obektlari haqida so‘rasangiz, bilmaydi. Holbuki, u emasmi budjetning nazoratchisi?», dedi viloyat hokimi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining bildirishicha, uchrashuvda haftaning har shanba kuni qurilish sohasi xodimlari bilan 2020 yilda qurilishi mo‘ljallangan obektlarda ishlarning borishini muhokama etish, bunda tegishli mas'ullarning axborotini eshitishga kelishilgan.
Mavzuga oid
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024
Toshkent viloyatida “zakladchiklar” qo‘lga olindi
13:38 / 08.11.2024