O‘zbekiston | 08:22 / 19.06.2020
2939
3 daqiqa o‘qiladi

«UzAssets» AJ investitsiya kompaniyasi tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 15.06.2020 yildagi “Xususiylashtirish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 381-son qaror qabul qilindi.
 
Xalqaro tajribaga asoslangan zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish orqali investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida «UzAssets» AJ investitsiya kompaniyasi tashkil etilmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uning ta'sischisi hisoblanadi.
 
Norma’ning yozishicha, «UzAssets» AJning asosiy vazifalari:

boshqaruvga berilgan davlat ulushiga ega korxonalarni sotishdan oldin tayyorlash, ularning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bu borada samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha xorijiy, xalqaro institutlar va kompaniyalar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish;

korxonalar faoliyatini kompleks tahlil qilish (due diligence), “benchmarking” usulida taqqoslash orqali rivojlanish prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash;

korxonalarning daromadlilik normasini xalqaro amaliyotdagi mezonlar IRR, NPV, EBITDA va boshqalar asosida tahlil qilish;

ustav kapitaliga berilgan aksiya paketlarini (ulushlarini) samarali boshqarish, korxonalarni ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh korxonalarga aylantirish;

salohiyatli investorlarning ro‘yxatini shakllantirish;

investitsiya vositachilarini jalb etgan holda, “Road Show” dasturlarini ishlab chiqish va maqsadli auditoriyalar uchun taqdimotlar o‘tkazib borilishini tashkil etish;

iqtisodiyot tarmoqlarini uzoq muddatli rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib, ustav kapitaliga berilgan aktivlarni sotish orqali barqaror va muvaffaqiyatli xususiylashtirishni ta'minlash.
 
«UzAssets» investitsiya kompaniyasining ustav fondi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi budjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasi hisobidan 20 mlrd so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari hisobiga shakllantiriladi. Shuningdek, u 10 ta korxonaning nominal qiymatdagi davlat aksiya paketlari hisobiga shakllantiriladi:

«Kvars» AJ;

«Qizilqumsement»;

«Urganchsharob» AJ;

«O‘zbekiston shampani» AJ;

«O‘zgeorangmet LITI» DUK;

«O‘zshaharsozlik LITI» DUK;

«Denov vino-aroq» AJ;

«Kafolat sug‘urta kompaniyasi» AJ;

«Olmazor kichik sanoat zonasi» AJ;

«Shahrisabz yulduzi» DUK.
 
Xususiylashtiriladigan korxonalarning aksiya paketlari (ulushlari) keyinchalik Vazirlar Mahkamasining qarori asosida «UzAssets» investitsiya kompaniyasiga o‘tkaziladi.

«UzAssets» kompaniyasi kuzatuv kengashining tarkibi kamida 50 foizi yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan iborat bo‘ladi.
 
Kompaniyaning sof foydasi sotishdan oldingi tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni chegirgan holda to‘laligicha davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar sifatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi.
 
Hujjat 16.06.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid