Jahon | 08:05 / 19.06.2020
5853
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy: Pandemiya «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 60 foiz loyihalariga salbiy ta'sir ko‘rsatdi

Koronavirus pandemiyasi Xitoy tomonidan bildirilgan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 60 foiz loyihalari amalga oshirilishiga salbiy ta'sir ko‘rsatgani ma'lum qilindi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligining xalqaro iqtisodiyot departamenti rahbari Van Syaolun aytib o‘tdi.

“Pandemiya 20 foiz loyihalarga jiddiy, yana 40 foiz loyihalarga u yoki bu darajada ta'sir qildi. Qolgan 40 foiz loyihalar odatdagi tartibda amalga oshirilmoqda va deyarli jabr ko‘rmagan”, deb ma'lum qilgan Van Syaolun matbuot anjumanda.  

Uning ta'kidlashicha, Pekin xalqaro yetkazmalarni saqlash uchun faol sa'y-harakatlar amalga oshirmoqda va barcha iqtisodiy hamkorlar bilan yaqin aloqalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. “Vaziyat yaqinda normallashishiga va dunyoda epidemiologik vaziyatni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘linishiga umid qilamiz”, deb qo‘shimcha qilgan diplomat.

Van Syaolunning ma'lum qilishicha, Xitoy hukumati uzoq muddatli transchegaraviy loyihalarga qiziqish bildirmoqda va ularni ilgari surish uchun faol harakatlar amalga oshiradi. “Ba'zi loyihalar sekinlashdi, biroq ulardan birortasi to‘xtab qolmagan”, deb qo‘shimcha qilgan Xitoy vakili.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Xitoyning xorijdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari 2020 yil yanvaridan may oyigacha 296,2 mlrd yuanni (42,2 mlrd dollar) tashkil qilib, yillik ifodada 1,6 foizga kamaygan. Shu bilan birga, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l”dagi ishtirokchi davlatlar iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi o‘sishda davom etgan va 5 oyda yillik ifodada 16 foizga o‘sib, 6,53 mlrd dollargacha yetgan. 

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi 2013 yilda Xitoy raisi Si Tszinpin tomonidan iloji boricha ko‘proq davlatlar ishtirokida va Xitoy hamda xorijiy sarmoyalardan foydalangan holda xalqaro ko‘p tomonlama savdo-investitsiya loyihalarini faollashtirish maqsadida taklif qilingan. Ushbu tashabbusga hozirda 150 dan ko‘proq davlat va xalqaro tashkilotlar qo‘shilgan.

Mavzuga oid