Gomer

Foto: Wikipedia

Antik dunyoning eng mashhur dostonlari bu shubhasiz «Iliada» va «Odisseya»dir. Garchi biror bir aniq hujjat yoki yozma manba qolmagan bo‘lsa-da, bu ikki dostonning muallifi Gomer ismli so‘qir inson bo‘lganligi og‘izdan og‘izga ko‘chib, bugungi kungacha yetib kelgan. Ko‘hna dunyoning eng mashhur ko‘zi ojiz insoni nomi ham shu tarzda Gomerga nasib qilgan.

Lekin shunga qaramay uning hayoti haqida aytarli ma'lumotlar yo‘q, taxminlarga ko‘ra u miloddan avvalgi VIII asrlarda yashagan, haligacha uning vatani nomi uchun yetti shahar da'vogarlik qiladi.

Gomer omma oldida dostonlarni yoddan o‘qib bergan va yildan yilga qiziqarli voqealar bilan boyitib boravergan. Bu dostonlarning ahamiyati shundaki, ular o‘sha davr ruhiyati, madaniyati haqida beqiyos qo‘llanma bo‘lish bilan birga juda ko‘p boshqa asarlar yaratilishiga ham turtki bo‘lgan. Jahonga mashhur «Troya» badiiy filmi ham Gomer dostonlari syujyetlari jamlanmasidir.

Lui Brayl

Foto: Wikipedia

Bugun deyarli har bir ko‘zi ojiz inson o‘qishni biladi va buning uchun ular yana bir shunday taqdir egasi – Lui Brayldan minnatdor bo‘lishlari lozim.

1809 yilda Fransiyaning Kuvre shaharchasida tug‘ilgan Lui 3 yoshida otasining ustaxonasiga kiradi va bir asbobdan jarohatlanadi. Jarohat og‘ir asorat – ko‘zi ojizlikka sabab bo‘ladi.

U paytlarda ko‘zi ojizlar uchun maktablar bo‘lmagani uchun ota-onasi Luini oddiy maktabga berishadi. Dastlab o‘z xotirasiga suyanib amallab o‘qigan Lui 10 yoshida ko‘zi ojiz bolalar uchun maxsus stipendiya sohibi bo‘ladi.

Braylda harbiylar qorong‘ida foydalanuvchi yozuv tizimini o‘zi kabilar o‘qishi uchun qo‘llash fikri tug‘iladi va shuning ustida ish boshlaydi. 20 yoshli Lui 6 nuqtali kodga asoslangan, bugungi kunda butun dunyoda foydalaniladigan alifboni yaratishga muvaffaq bo‘ladi.

Bu yozuv nafaqat yozuv, balki ilmiy ramzlarni ham ifodalash imkonini berardi. 1834 yilda Brayl o‘z ixtirosini Parij san'at ko‘rgazmasida namoyish qiladi va keyingi 20 yil ichidayoq bu alifbo butun dunyoga tarqalib ulguradi. Bugungi kunda ham bu yozuv butun dunyoda ko‘zi ojizlarning rasmiy yozuvi hisoblanadi.