19 iyun kuni Kun.uz saytida «Malibu, Tracker va Orlando yarim tayyor mahsulot sifatida olib kirilayotgani sababli millionlab soliqlar davlat g‘aznasiga tushmayapti» – ekspert» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda Janubiy Koreyaning INHA universiteti Xalqaro savdo bo‘yicha doktoranti Valijon To‘raqulov hamda Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga avtomobillarni import qilish bilan shug‘ullanuvchi «YES CAR-MOTORS» kompaniyasi rahbari Oybek Qambarov bilan milliy avtomobil sanoatidagi muammolar va ularning yechimi haqida uyushtirilgan suhbat yoritilgandi.

«O‘zavtosanoat» AJ ushbu suhbat bo‘yicha munosabatini bildirdi.

«19 iyunda Kun.uz nashri Malibu, Tracker va Orlando avtomobillarini olib kirish oqibatida davlat g‘aznasi «O‘zavtosanoat» korxonalaridan millionlab soliq tushumlarini go‘yoki ololmay qolayotgani haqidagi xavotirlarini o‘z o‘quvchilari bilan o‘rtoqlashdi. Qizig‘i, negadir ushbu masala yuzasidan fikr bildirishga ishlab chiqarish mutaxassislari yo korporativ soliqqa tortish sohasi ekspertlari emas, balki xalqaro savdo bo‘yicha nazariyotchi olim va O‘zbekistonga Koreya mashinalari importi bo‘yicha amaliyotchi taklif etilgan.

Chevrolet Orlando modeli necha yildan beri ishlab chiqarilmayotgani va respublikaga «O‘zavtosanoat» buyurtmasiga ko‘ra keltirilmayotganiga to‘xtalib o‘tirmaymiz (holbuki, shuning o‘zi sarlavha mualliflarining salohiyatini shubhaga qo‘yadi), balki mart oyida ro‘y bergan mahalliy avtomobillarga narxlar o‘zgarishini iyunning oxirida yangi mavzu o‘laroq taqdim etish biroz g‘alati ko‘rinishini qayd etamiz, xolos.

Ammo, boshqa tomondan, jalb qilingan ekspertlar faoliyatlarining o‘ziga xos jihatlari va shaxsiy manfaatlari inobatga olinsa, maqola ayni vaqtida chiqqan: gap shundaki, bir hafta oldin «O‘zavtosanoat» 1 avgustdan utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi munosabati bilan o‘z mahsuloti narxini oshirmasligini rasman va ommaviy e'lon qildi. Kompaniya, o‘zi boshqalar qatori ushbu yig‘im to‘lovchisi bo‘lsa-da, narxlarni avvalgi darajada qoldirish uchun ichki imkoniyatlarni izlab topishi aytilgandi. Tabiiyki, bu hol tariflarining o‘sishini e'lon qilib qo‘ygan bozor ishtirokchilari uchun noxush yangilik bo‘ldi. Raqobat muhiti mantig‘iga ko‘ra, «qora PR» uslubida javob bo‘lishi lozim edi. Tanqid qilish uchun yangiroq sabab topilmagani bois, karantindan oldingi narx shakllanishini esga oldilar.