07:56 / 23.06.2020
91190

Ohangaronda «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishida qatnagan haydovchining murdasi topilgandi. IIBB qotillik fosh etilganini ma'lum qildi

Hozirda mazkur jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 5 yanvar kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yashagan, 1962 yilda tug‘ilgan marhum K.Y. o‘ziga tegishli bo‘lgan Cobalt avtomashinasida «Qo‘qon-Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab kira qilish maqsadida yashash xonadonidan chiqib ketib, qaytib kelmagan

Bedarak yo‘qolgan K.Y. boshqaruvida bo‘lgan Cobalt avtomashinasi 8 yanvar kuni Toshkent viloyati Ohangaron shahar Yangiobod MFY hududida, uning murdasi esa tan jarohatlari bilan «Angren» daryosi qirg‘og‘ida chakalakzordan topilgan edi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda prokuratura xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv surushtiruv ishlari davomida mazkur jinoyat ishi fosh etildi.

Viloyat IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu jinoyat 1998 yilda tug‘ilgan, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi U.Yo. tomonidan sodir etilganiga yetarli ma'lumot va dalillar to‘planib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi «i» bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Gumonlanuvchi U.Yo. aybiga iqrorligini o‘z arizasida bayon qilgan. 

Gumonlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilning 5 yanvar kuni soat taxminan 22:40larda Ohangaron shahriga «Toshkent-Qo‘qon» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi taksilar avtoturargohiga borgan. Shu yerda marhum K.Y. bilan Farg‘ona viloyatining Beshariq tumaniga olib borib qo‘yishini aytib u bilan kelishgan va yo‘l-yo‘lakay Ohangaron tumanidan oqib o‘tuvchi «Angren» daryosi yaqinidagi mahallalardan biriga kirib o‘tishlarini ma'lum qilgan.

Foto: IIBB axborot xizmati

Shundan so‘ng, ular belgilangan daryo yaqiniga borgan vaqtida, gumonlanuvchi dastlab yonida bo‘lgan temir bo‘lagi bilan haydovchining bosh qismiga bir necha marotaba urib, keyin esa uni mashinadan tushirib yerdagi tosh bo‘lagi bilan urib hushidan ketkizgan. So‘ng, haydovchining cho‘ntagida bo‘lgan pul va uyali telefonni olayotgan vaqtida haydovchi hushiga kelib baqirmoqchi bo‘lganida, yonida oldindan tayyorlab qo‘ygan pichog‘i bilan haydovchining old ko‘krak va orqa sohasiga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazadi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Keyin esa haydovchining murdasini avtomashinaga joylab, Telov MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Angren» daryosi yaqiniga olib borgan va uning ust kiyimlarini yechib, tanasidagi barmoq izlarini suv bilan yuvib pastlikka tashlab yuborgan.

Jinoyat izlarini yashirish maqsadida, haydovchining ust kiyimlari, qo‘l telefoni va o‘zining barmoq izi tekkan barcha buyumlarni, mashinaning zaxira baloni, pichoq va temir bo‘lagini suvga otib yuborgan. Avtomashinani esa Ohangaron shahar Yangiobod mahallasi hududida qoldirib, voqea joyidan yashiringan.

Shuningdek, surushtiruvlar davomida gumonlanuvchi U.Yo.ning Ohangaron va Olmaliq shaharlarida sodir etgan boshqa jinoyatlari ham fosh etilib, Ohangaron shahar IIB TB tomonidan unga nisbatan JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoq tanlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top