O‘zbekiston | 23:21 / 24.06.2020
2859
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Namanganda mahsulotlar tarkibidagi GMO miqdorini aniqlash laboratoriyasi tashkil etiladi

Foto: Shutterstock

«O‘zstandart» agentligi axborot xizmati rahbari Abdurauf Rasulovning aytishicha, Buxoro va Namanganda yangi yo‘nalishdagi mahsulotlar tarkibidagi GMO miqdorini aniqlash laboratoriyasi tashkil etiladi.

Uning ta'kidlashicha, agentlik tomonidan respublikada Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, eksport geografiyasini kengaytirish, shuningdek, mamlakatimizning organik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida jahon mamlakatlari tomonidan tan olingan xalqaro standartlarni qabul qilishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Bugungi kunga kelib qishloq-xo‘jaligi sohasiga tegishli 1276 ta standart amalga kiritilgan bo‘lib, shundan 893 tasi xalqaro standartlarga uyg‘unlashgan. Shu bilan birga, oziq-ovqat sanoatiga tegishli 3509 ta standartlar amalga kiritilgan (2140 tasi xalqaro standartlarga uyg‘unlashgan).

«Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘shimcha qiymat zanjirini tashkil etishda ishtirok etuvchi barcha korxona va tashkilotlar faoliyatlarida bajariladigan jarayonlarga ISO 28000 seriyasiga kiruvchi 10 ta xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida ularni qabul qilish ishlari yakunlanmoqda. 2020 yilda Respublikamiz bo‘yicha jami 164 ta (shundan 155 tasi Global G.A.P., 9 ta Organic) eksporter korxonalarga "Global G.A.P." va "Organic" standartlarini joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha reja tasdiqlangan.

Shu kunga qadar 10 ta sertifikatlar taqdim etilgan bo‘lib, 135 ta korxonalardan zarur hujjatlar olinib, Eksportni rag‘batlantirish agentligiga arizalar kiritildi. Shuningdek, “O‘zstandart” agentligining 2020 yil 20 maydagi 52-son buyrug‘iga asosan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, ISO 28000 xalqaro standartlarni joriy etish istagini bildirgan korxona va tashkilotlar faoliyati to‘liq o‘rganildi va ro‘yxati shakllantirildi.

E'tiborli jihati shundaki, Agentlik tizimidagi “UzTest” qoshidagi sinov laboratoriyalarini Jahon banki krediti asosida modernizatsiya qilish hamda zamonaviy uskunalar bilan ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. Kredit mablag‘larini o‘zlashtirish natijasida Respublika markazi qoshida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini aniqlash imkoniyati yaratiladi, hamda Buxoro va Namangan markazlari qoshida yangi yo‘nalishdagi mahsulotlar tarkibidagi GMO miqdorini aniqlash laboratoriyasi tashkil etiladi», deya Abdurauf Rasulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qayd etilishicha, Latviyaning BIOR instituti vakillari tomonidan mamlakatimizda o‘tkazilgan o‘rganish natijasida, hududlarning eksport salohiyatidan kelib chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra, “UzTest” qoshidagi Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm markazlaridagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini sinash laboratoriyalari modernizatsiyalash ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha summasi 11,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Mavzuga oid

E`lonlar