15:37 / 24.06.2020
22678

Iste'molchilar huquqlariga oid qonun loyihasi: qanday o‘zgarishlar taklif etilmoqda?

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi haqida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Agentlik direktorining maslahatchisi Dilshod Azimov qonun loyihasining maqsad va mohiyati yuzasidan Kun.uz'ga ma'lumot berdi. Quyida rasmiy axborot matni juz'iy qisqartirishlar bilan keltirib o‘tiladi.

Davlat tili

— Amaldagi «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, iste'molchilarga majburiy tarzda berilishi lozim bo‘lgan axborotlar, ya'ni tovar yoki uning ishlab chiqaruvchisi haqida ma'lumotlar ular hohlagan tillarda berilishi belgilab berilgan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, qaysi tilda bo‘lishi umuman ko‘rsatilmagan.

Shu munosabat bilan, ishlab chiqilgan Qonun loyihasida iste'molchiga tovar (ish, xizmat) va ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma'lumotni, shu jumladan elektron tijorat orqali tovarlar sotishga taqdim etiladigan ma'lumot va narxnoma davlat tilida bo‘lishi lozimligi talabi kiritilmoqda. Bunda, ma'lumotlar davlat tili bilan birga boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.

Shuningdek, iste'molchi va ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida tuziladigan yozma shartnomalarning matni davlat tilida rasmiylashtirilishi va tomonlarning kelishuviga muvofiq boshqa tillarda ham tuzilishi mumkinligi normasi kiritilmoqda.

O‘z navbatida, sotuvchi (ijrochi) matni davlat tilidan boshqa tillarda rasmiylashtirilgan shartnomani imzolashga iste'molchini qistashga va undashga haqli emasligi to‘g‘risidagi majburiyat qo‘yilmoqda.

Ta'kidlash joizki, mazkur o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni normalarining ta'sir va qamrov doirasini yanada kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 21 oktyabrdagi PF-5850-son Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida kiritilmoqda.

Shuningdek, xorijiy davlatlar amaliyoti, jumladan Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Isroil davlatlari qonunlarida, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar davlat tilida taqdim etilishini ko‘rsatmoqda.

Aniqroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, Isroil davlatida tovar markirovkasi ivrit yozuvida bo‘lishi shartligi, Turkiya qonunlariga ko‘ra, barcha yozishmalar, yozuv va hisob-kitoblar xech qanday istisnolarsiz turk tilida olib borilishi talab qilinadi. Eng qizig‘i, turk yuridik shaxslari o‘rtasida tuzilgan turk tilida bo‘lmagan shartnomalar bekor qilinadi.

Aksariyat chet davlatlarlarda korxona o‘zi haqidagi ma'lumotni yoki ishlab chiqarayotgan mahsulotidagi yozuvlar davlat tilida aks ettirilmasa, 4 ming yevrogacha jarimalar qo‘llanishi qonun xujjatlari bilan beliglab qo‘yilgan. Masalan, Fransiya qonunlariga muvofiq, boshqa tilda peshlavxasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk (mahsulot) musodara qilinishi va 700-3750 yevro miqdorida jarimaga tortilishi belgilangan (manba: til.gov.uz).

Mazkur o‘zgartirishlar orqali, iste'molchining tovar (ish, xizmat) va ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risida davlat tilida ma'lumot olish imkoniyati kengaytiriladi.

Shuningdek, iste'molchi bilan sotuvchi o‘rtasida turli sohalarda, xususan uy-joy qurilish, avtomobil xarid qilish, avtokredit/lizing, aloqa va boshqa xizmatlar bo‘yicha tuziladigan yozma shartnomalarning davlat tilida rasmiylashtirilishi iste'molchining shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishib chiqish, davlat tilida shartnoma taqdim etishni talab qilish, shartnomaviy munosabat bilan yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarda o‘z huquqlarini mustaqil himoya qilishiga xizmat qiladi.

 

Qonunda iste'molchilarning majburiyatlarini belgilab qo‘yish taklif etilmoqda

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 4 oktyabrdagi PQ–4477-son qarorida uzoq muddatli istiqbolda «yashil» iqtisodiyotga o‘tish quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanishi kerakligi belgilangan:

  • resurslardan oqilona foydalanish, barqaror iste'mol va ishlab chiqarish;
  • energiya resurslari iste'molini diversifikatsiyalash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish;
  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi masalalari bo‘yicha aholini keng xabardor qilish.

Qonunda iste'molchilarimizning huquqlari belgilangan bo‘lsa-da, ularning majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilmagan.

Shularga ko‘ra, aholining (iste'molchilarning) energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishlariga erishish, bu orqali o‘z salomatligi, daromadi va jamiyat manfaatlariga ijobiy hissa qo‘shishiga erishish maqsadida, iste'molchilarning majburiyati ham kiritilmoqda.

Jumladan:

  • tovardan maqsadli foydalanish, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan tovarni ekspluatatsiya qilish hujjatlarida o‘rnatilgan talablar, me'yorlar, shartlarga hamda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish;
  • o‘z huquq va manfaatlarini ilgari surish uchun zarur bo‘lgan bilim va ma'lumotlarni olishga intilish;
  • mustaqil ravishda resurslarni tejash va ekologik toza bo‘lgan iste'molni amalga oshirish hamda bu bilan o‘zining iste'molchi sifatidagi hayotini yaxshilash va milliy iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shish.

Shuningdek, iste'molchilarimizning majburiyatini oshirish hamda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida tovar almashtirilgan yoki qaytarilgan taqdirda, tovar qanday holatdagi qadoqda sotilgan bo‘lsa, iste'molchi tovarni shunday birlamchi iste'mol qadog‘ida qaytarishi shartligi majburiyati yuklanmoqda.

Aholining iste'molchi sifatida asosiy majburiyatlari qonun bilan belgilanishi va bu to‘g‘risida ularni keng xabardor qilinishi natijasida, tovardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanish, o‘z huquqlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlari normalari bilan tanishish, energiya va tabiiy resurslarni tejash, o‘z salomatligi va daromadi uchun ekologik toza iste'molni amalga oshirish mas'uliyati ortadi.

Shuningdek, maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini qaytarib berishda iste'molchining javobgarligi va mas'uliyati belgilanadi.

 

Bank kartasi bilan savdo qilinganda narxni oshirish mumkin emasligi bo‘yicha taqiq mustahkamlanadi

— Hozirgi paytda tovar uchun naqd pul yoki plastik kartochka orqali haq to‘lash shakliga qarab ularni sun'iy ravishda oshirgan yoki pasaytirganlik uchun amaldagi qonun xujjatlarida javobgarlik belgilab qo‘yilgan.

Biroq, qonun hujjatlarida to‘lov shakliga ko‘ra tovar narxini turli miqdorda belgilash mumkin emasligi normasi aniq qayd etilmagan.

Shu munosabat bilan, Qonunga ushbu holatni tartibga soluvchi norma kiritilmoqda.

Jumladan, sotuvchiga (ijrochiga) tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun haq to‘lash shakliga qarab bir turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun har xil narx (tarif) belgilash mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bozor mexanizmlari asoslariga muvofiq, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni naqd pulsiz sotishda chegirmalar va rag‘batlantirishning boshqa shakllari belgilanishi mumkinligi ham aks ettirilmoqda.

Bu o‘zgartirishlar tovar uchun to‘lovni amalga oshirishda iste'molchining huquqini mustaxkamlashga xizmat qiladi.

 

Nazorat xaridi bo‘yicha xarajatlar sotuvchiga yuklanishi mumkin

— Ko‘pgina xorijiy davlatlarda bozorda sotilayotgan mahsulotlarni sifat va boshqa talablariga mos kelishi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari amalga oshirib kelinadi. Shu kabi amaliyot Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligida ham joriy etilgan bo‘lib, nazorat xaridini amalga oshirish davomida olingan tovarni ekspertizadan o‘tkazish natijasida tovarning nuqsonlari mavjudligi va normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlanganda, ekspertizadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Agentlik mablag‘lari xisobidan qoplanmoqda. Vaholanki harajatlar mazkur nuqsonli tovar aniqlangan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Shu sababli, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning nuqsonlari mavjudligi va normativ hujjatlar talablariga nomuvofiqligi tasdiqlangan taqdirda, iste'molchi va iste'molchilar huquqlarini himoya qilishga vakolatli davlat organlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tekshirish (laboratoriyadan o‘tkazish, ekspertiza qilish) bilan bog‘liq harajatlari sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi belgilanmoqda.

Mazkur o‘zgartirish iste'molchilar huquqlarini samarali himoya qilinishida, xususan ichki bozorlarda iste'molchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga va atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin tovarlar (ishlar, xizmatlar) paydo bo‘lishining oldi olinadi va bartaraf etiladi hamda ishlab chiqaruvchining (ijrochi, sotuvchining) ma'suliyati va shaxsiy javobgarligi ortishiga olib keladi.

 

Iste'molchiga sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatlarda ustuvor huquq beriladi

— O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga ko‘ra, davlat tomonidan iste'molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan baravar muhofaza etilishini kafolatlash prinsipiga og‘ishmay rioya etishishi shartligi belgilangan.

Iste'molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma'lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste'molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib ish yuritilishi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasida aks ettirilgan.

Shu sababli, qonun loyihasida iste'molchiga sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda o‘zining qonun hujjatlarida belgilangan talablarini qanoatlantirishda ustuvor huquq berilishi nazarda tutilmoqda.

 

Yangi turdagi jarimalar

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 sentyabrdagi PF–5817-son Farmonida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, axborot bermaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri axborot berganlik, Agentlik ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarliklarni kuchaytirish, yuridik shaxslarga jarimalar qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish belgilangan.

Shu sababli, ma'muriy javobgarlikdan tashqari, quyidagi hollarda ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ga Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan moliyaviy sanksiya qo‘llash huquqi taklif qilinmoqda:

  • vakolatli organga axborot taqdim etmaslik yoki noto‘g‘ri ma'lumot taqdim etish;
  • iste'molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini bajarmaslik;
  • iste'molchiga maqbul sifatli tovarni almashtirib berish, nuqsonli tovarni almashtirib berish va tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibini buzish;
  • iste'molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash;
  • ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish;
  • shartnomaga iste'molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablarni kiritish;
  • yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotish;
  • normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchilarga zarar yetkazish;
  • qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish.

Iqtisodiy sanksiyalarning joriy qilinishi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirishga, shartnomaviy munosabatlarda iste'molchining huquqi mustahkamlanishiga olib keladi.

Shu bilan birga, iste'molchilar hayoti va salomatligiga jiddiy zarar keltiradigan yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni realizatsiya qilish holatini keskin kamayishiga, tadbirkorlik sub'yektlarining iste'molchi oldidagi mas'uliyati ortishiga yordam beradi.

 

Yuqorida keltirib o‘tilgan agentlik rasmiysining mulohazalari Kun.uz tahririyati nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.

Top