Dunyodagi vaziyat: JSST sobiq sovet respublikalaridagi vaziyatdan tashvishda, Parijda Eyfel yana ochildi
Yevropada va MDH hududidagi 11 davlatda karantin choralari yumshatilishi ortidan Covid-19’dan zararlanish holatlari jiddiy o‘sa boshladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu mamlakatlardagi vaziyatdan xavotirlarini bildirmoqda.
Tashkilot 11 davlatdagi vaziyatni alohida qayd etgan: Armaniston, Shvetsiya, Moldova, Shimoliy Makedoniya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Albaniya, Bosniya va Gersegovina, Qirg‘iziston, Ukraina va Kosovo.
JSSTning Yevropadagi mintaqaviy direktori Hans Klyuge so‘nggi ikki haftada 30 davlatda yangi kasallanish holatlari o‘sishi qayd etilganini ma'lum qildi.
«Bu mamlakatlardan 11tasidagi temp pandemiyaning avvalgi darajasi qaytganini ko‘rsatmoqda. Agar hech qanday chora ko‘rilmasa, Yevropadagi sog‘liqni saqlash tizimlari yana katta yuklama ostida qoladi», degan u.
Ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 9,6 milliondan oshgan, virus qurboni bo‘lganlar soni 487,4 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.
JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini ma'lum qildi.
«Yevropadagi vaziyat yaxshilangan bo‘lsa-da, butun dunyo bo‘yicha vaziyat yomonlashmoqda. Pandemiyaning dastlabki oyida 10 mingdan kamroq holat haqida xabar qilingan bo‘lsa, oxirgi oyda qariyb to‘rt millionta holat qayd etildi. Kelasi haftada kasallikka chalinishlar 10 millionga, qurbonlar soni esa 500 mingga yetishi kutilmoqda», dedi u Yevroparlamentdagi chiqishida.
Keyingi haftalarda qator mamlakatlarda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangani ma'lum qilindi.
Eyfel minorasiga chiqishga ruxsat berildi. Faqat narvon bilan
Parijdagi asosiy diqqatga sazovor joylardan biri - Eyfel minorasi 25 iyun kuni sayyohlar va parijliklar uchun yana ochildi. Minora uch oy davomida sayyohlarni qabul qilmadi.
Ammo Parijni minoraga chiqib tomosha qilmoqchi bo‘lganlardan yaxshi jismoniy tayyorgarlik talab etiladi. Minora liftlari 1 iyulga qadar ishlamaydi, shu tufayli istovchilar minoraga faqat narvon orqali ko‘tarilishi mumkin. Minoraning eng yuqori qismiga chiqish uchun 1665 zinani bosib o‘tish kerak bo‘ladi, ammo hozircha minoraning eng yuqori qismi omma uchun yopiq qoladi, faqat ikkinchi bosqichgacha ko‘tarilish mumkin (674 zina).
Minora saytida xabar qilinishicha, bu balandlikka chiqish uchun 30-45 daqiqa sarflanadi, ammo bu tashrif buyuruvchining jismoniy holatiga ham bog‘liq.
Yosh bolali oilalar yoki sog‘ligi yaxshi bo‘lmaganlarga bu joyga kelishdan tiyilib turish tavsiya qilingan. Minora operatori tomonidan ma'lum qilinishicha, tashrif buyuruvchilarning zinalarda qarama-qarshi kelmasligi uchun minoraga ko‘tarilish sharqiy ustundan, tushish esa g‘arbiy ustundan amalga oshiriladi.
Koronavirus sababli Fransiyada madaniy tadbirlar bekor qilingan. Luvr va Orse muzeylari, Versal saroyi yopilgan.
Angliyada kontaktlarni aniqlash
O‘tgan uch haftada Angliyada koronavirusga chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan 100 mingdan ortiq kishiga o‘zini ihotalash to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan. Bu ish infeksiya tarqalishi oldini olish dasturi doirasida amalga oshirildi.
Bu dastur may oyi oxirida joriy etilgandi. O‘tgan vaqt davomida dastur koronavirus tasdiqlangan 20 mingdan ortiq kishining ma'lumotlarini oldi.
Virusga chalinganlarning 25 foizi o‘zi bilan aloqada bo‘lgan odamlar haqida ma'lumot berishdan bosh tortgan. Qolganlar o‘zlari bilan aloqada bo‘lgan jami 130 mingdan ortiq odam haqida ma'lumot berishgan. Shundan qariyb 114 mingdan ortiq kishi bilan aloqa o‘rnatishga erishilgan. Ularga uyda qolish ko‘rsatmasi berilgan.
Markaziy Osiyodagi vaziyat
So‘nggi kunlarda mintaqa davlatlarida koronavirus yana avj ola boshladi. Ayniqsa, karantin choralari barvaqt yumshatilgan Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ahvol yomonlashmoqda, ushbu mamlakatlarda virus yuqori doiralargacha yetib borgan.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov koronavirusga chalingani tufayli iste'fo berdi. Mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham virus yuqtirgani tufayli o‘zini ihotalagan.
Qozog‘istonda may oyi oxirida virus tarqalishi tempi pasaygach, karantin choralari yumshatilishi boshlangandi. Ammo so‘nggi kunlarda kunlik o‘sishlar soni 500dan osha boshladi, shu vaqtgacha Qozog‘istonda 19 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, 140 kishi vafot etgan.
Mamlakatda 24 iyundan karantin choralari kuchaytirila boshladi, shaharlar yana yopilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov esa Moskvaga safar davomida o‘ziga hamrohlik qilgan ikki xodimda virus aniqlangach, o‘zini yakkalash rejimiga o‘tdi.
Ushbu mamlakatda ham koronavirus yana avj ola boshlagani tufayli hukumat yana bir necha oblast va shaharlarda favqulodda holat rejimini joriy etishga tayyorlanmoqda.
Qirg‘izistonda shu vaqtgacha qayd etilgan holatlar soni 3954taga yetgan (so‘nggi bir kunda 228ta yangi holat qayd etildi va bu rekord ko‘rsatkichdir), shundan 43 bemor vafot etib, 2112 bemor tuzalib chiqqan.
OAV Turkmanistonda ham koronavirus aniqlangani haqida xabar tarqatdi. «Xronika Turkmenistana» nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Ashxoboddagi S.Niyozov nomidagi davolash-konsultativ markazining olti nafar xodimida, xususan, shifokorlarda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlangan.
Infeksiyaga chalinganlarning uch nafarining holati o‘rtacha og‘irlikda ekani aytilmoqda.
Markazda yuqumli kasalliklar bo‘limi mavjud emas, shuning uchun bemorlarning bir qismi Cho‘ganlidagi kasalxonaga, qolganlar esa Axal viloyatida tayyorlab qo‘yilgan izolyatorlarga joylashtirilgan.
Ammo hozircha Turkmanistonda koronavirus aniqlangani haqida rasman e'lon qilinmadi.
Tojikistonda vaziyat barqarorlashgan. So‘nggi bir kunda 61 yangi holat qayd etildi va jami holatlar soni 5691taga yetdi. Shu vaqtgacha bemorlarning 52 nafari vafot etgan.
Ushbu mamlakat ham bosqichma-bosqich karantin choralarini bekor qilib bormoqda.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
12:47 / 22.11.2024
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024