Jahon | 18:43 / 25.06.2020
5430
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Hindiston bilan chegarada yangi harbiy lager qurmoqda

Hindiston armiyasi ham Ladakxdagi mavqeini mustahkamlash choralarini ko‘rgan.

Xitoy harbiylari yaqinda hind askarlari bilan to‘qnashuv yuz bergan Ladakx rayoni hududida yangi lager qurmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Agentlik xabar tarqatishda Amerikaning Maxar Technologies kompaniyasi tomonidan olingan sun'iy yo‘ldosh fotosuratlariga asoslangan. Qayd etilishicha, fotosuratlar dushanba kuni olingan bo‘lib, ularda 15-16 iyun kunlari to‘qnashuv sodir bo‘lgan Galvan daryosi vodiysi aks etgan. Suratlarda Xitoy armiyasi nazorati ostidagi hududda chodirlar paydo bo‘lgani va lager qurilayotgani ko‘zga tashlanadi, deb yozadi agentlik. Bundan bir hafta avval olingan suratlarda bu inshootlar bo‘lmagan.

Hindiston armiyasi ham Ladakxdagi mavqeini mustahkamlash choralarini ko‘rgan.

16 iyunga o‘tar kechasi Hindiston-Xitoy chegarasida ikki davlat harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Uning oqibatida hindistonlik 20 harbiy halok bo‘lgan, 76 nafari yaralangan. Ta'kidlanishicha, 45 yil ichida ushbu hududda birinchi marta harbiylar halok bo‘lgan. 

Hind OAVda mojaro vaqtida xitoylik harbiylar ham yo‘qotishlarga uchragani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan. Biroq Xitoyning o‘zi bu borada rasmiy ma'lumotlar bermagan.

Mojarodan keyin Hindiston bosh vaziri Narendra Modi zarurat yuzaga kelsa, mamlakat Xitoyga zarba berishga tayyorligini ma'lum qilgan.

18 iyunda Reuters axborot agentligi hind harbiy mashinalarining katta kolonnasi to‘qnashuv yuz bergan Galvan vodiysiga yo‘nalayotgani suratini e'lon qilgan.

O‘z navbatida Pekin qo‘shni davlat harbiylari kelishuvlarni buzib, chegarani kesib o‘tishgani va xitoylik harbiylarga hujum qilishganini ma'lum qilib, mojaroda Hindiston tomonini ayblagan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid