Jamiyat | 21:25 / 30.06.2020
7605
4 daqiqa o‘qiladi

Koreya Respublikasidan ta'tilga kelgan o‘zbekistonliklarning navbatdagi guruhi charter reys orqali jo‘nab ketdi  

Mehnat ta'tili olib O‘zbekistonga kelgan, pandemiya sababli mamlakatlar o‘rtasida aviaqatnovlarning vaqtincha to‘xtatilishi oqibatida ish joyiga qaytib keta olmayotgan 29 nafar fuqaro charter reys orqali Janubiy Koreyaga jo‘nab ketdi..

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borgan o‘zaro muzokaralari natijasida mehnat ta'tiliga kelib, ish joyiga qaytib keta olmagan fuqarolarning navbatdagi guruhi – 29 nafari tashkillashtirilgan holda Koreya Respublikasidagi o‘z ish joylariga charter reys orqali jo‘nab ketdi.

«Shuni alohida ta'kidlash joizki, pandemiya davrida Koreya Respublikasiga kirib borishga ruxsat olish uchun rozilik bitimini to‘ldirishdan oldin ish beruvchi bilan karantinda saqlash joyini aniqlashtirish (ish beruvchi xabarsiz qolmasligi kerak) hamda haqqoniy ma'lumotlarni rozilik bitimiga kiritish, karantin joyi korxona joylashgan hududda (shaharda) ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Ish beruvchining mehnat migrantini chaqirish haqidagi yozma rozilik xati qo‘llab-quvvatlanadi.

Noto‘g‘ri berilgan ma'lumotlar fuqaroning Koreya Respublikasiga kirib borolmasligiga hamda ushbu mamlakat hududiga kirish uchun taqiq qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin», deya Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, agentlik ushbu xizmatni bepul amalga oshirmoqda.

Agentlik firibgarlik yoki ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida noqonuniy xatti-harakatlar haqida ma'lumotga ega bo‘lgan fuqarolardan 71 202 33 55 (ichki raqam 41, 46, 11) telefon raqami orqali xabar berishni so‘ragan.

Ma'lum bo‘lishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ruxsatiga ega bo‘lmagan 8 nafar fuqaro (D.Usmanov, B.Mahmudov, M.Umarov, M.Barotov, T.Haitov, B.Latifov, A.Azimov, M.Ziyatov) aviachipta sotib olgan, oqibatda aviakompaniya ularga parvoz bortiga kirishga ruxsat bermagan. Natijada fuqarolarning ushbu harakatlari ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarga sabab bo‘lgan.

Agentlik epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda Koreya Respublikasidan ta'tilga kelgan fuqarolarni navbati bilan o‘z ish joylariga qaytarish borasidagi ishlar davom ettirilishini bildirgan.

Ortiqxo‘ja Norovning xabar berishicha, 29 nafar o‘zbekistonlik 30 iyun kuni «Asiana» aviakompaniyasining Toshkent-Inchon yo‘nalishidagi charter reysi orqali Koreyaga yetib borgan. Ular HRD tashkiloti va agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi xodimlari tomonidan kutib olinib, aeroportdagi belgilangan qat'iy tartibdagi tekshiruvlardan o‘tishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra 14 kunlik majburiy karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha rozilik bitimida ko‘rsatilgan manzillariga kuzatib qo‘yilgan.

Avvalroq Koreyadan ta'tilga kelib, ortga qaytishda muammoga uchragan 31 nafar fuqaro ishiga jo‘nab ketgan edi.

Mavzuga oid