O‘zbekiston | 21:42 / 30.06.2020
15796
4 daqiqa o‘qiladi

Tergov sifati va xodimlar malakasi davr talablariga javob bermasligi tanqid qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta'minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ichki ishlar organlari tizimidagi muammolar tanqid qilindi.

«Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan o‘tgan 3 yilda 20dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, bunday o‘zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin xalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yo‘q», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Oliy Majlis palatalari yetakchilari boshchiligida parlament a'zolari joylarda xalq bilan ochiq muloqot o‘tkazgan paytda jamoatchilik ushbu yo‘nalishlardagi mavjud adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qilgan.

Ushbu tajriba asosida, bundan buyon deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga ko‘maklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda muloqotlar o‘tkazib boradilar.

Aholi tomonidan ko‘tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qo‘yiladi va mas'uliyatiga baho berib boriladi.

Oliy Majlisdagi maxsus qo‘mitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh bo‘lib, har yarim yilda natijalari bo‘yicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini o‘tkazib boradi.

Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi.

«Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ta'kidlandi. Misol uchun, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo‘ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O‘tgan yilning o‘zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so‘mlik moddiy va ma'naviy zarar to‘lab berilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirildi.

Endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga o‘xshash talablar qo‘yilishi kerakligi qayd etildi. Jumladan, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Bundan oldinroq, prezident Andijon va Chiroqchida ichki ishlar organlarida yuz bergan voqealarga munosabat bildirgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid