Prezident aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha qaror imzolaydi
Aholini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Prezidentning “Aholini tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (uy yoki transport vositasining yong‘ini, uy qulashi) yuz berganligi oqibatida jabrlangan jismoniy shaxslarning yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarini tiklash uchun tegishli davlat organiga murojaat qilinganda, ularni to‘lovlardan ozod qilish haqidagi taklifiga rozilik beriladi.
Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda davlat boji, yig‘im (gerb, konsullik yig‘imi va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘im)lardan ozod qilinadi.
Muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda to‘lovlardan ozod qilinadigan jismoniy shaxslarning hujjatlari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar yuz berganligi holatlarini tasdiqlashning quyidagi tartibi belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan beriladigan ma'lumotnoma asosida;
xorijiy davlatlar hududida xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan berilgan va legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq rasmiylashtirilgan ma'lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Ko‘rsatilgan ma'lumotnomalar mavjud bo‘lmagan taqdirda, muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklash O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalaridan olinadigan ma'lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (uy yoki transport vositasining yong‘ini, uy qulashi) yuz berganligi oqibatida muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklaganlik uchun undirilmagan to‘lovlar keyinchalik bunga aybdor bo‘lgan shaxslar (tashkilotlar)dan fuqarolik qonunchiligi asosida regress tartibida undirilishi belgilanadi.
Muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda to‘lovlardan ozod qilinadigan jismoniy shaxslarning hujjatlari ro‘yxati
1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaro identifikatsiya ID-kartasi.
2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti.
3. O‘zbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma.
4. O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati.
5. O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasportning yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatning yo‘qolganligi haqidagi ma'lumotnoma.
6. Chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik haqidagi guvohnoma.
7. Harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi.
8. Transport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik guvohnomasi.
9. Haydovchilik guvohnomasi.
10. Tug‘ilganlik haqida guvohnoma.
11. Nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma.
12. Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma.
13. O‘lim haqida guvohnoma.
14. Akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarining bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma).
15. Notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlarini hamda reyestrlardan ko‘chirmalar.
16. Ko‘chmas mulk obektlarining kadastr pasporti, shuningdek, kadastr hujjatlarining ko‘chirma nusxasi hamda dublikati.
17. O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladigan ma'lumotnomalar.
18. O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan talab qilib olinadigan ushbu ro‘yxatning 6–16-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning ko‘chirma nusxasi, dublikati hamda ularning mavjudligi haqida ma'lumotnomalar.
Mavzuga oid
18:11 / 05.09.2024
Boysun sinovi: O‘zbekiston yirik texnogen ofatlarga qanchalik tayyor?
19:03 / 30.05.2024
112 yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi
10:41 / 16.05.2023
Polsha O‘zbekistonda aholini favqulodda vaziyatda ogohlantirish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshiradi
13:41 / 24.01.2023