Jahon | 08:29 / 03.07.2020
23339
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda rekord darajada sutkalik kasallanish holati qayd etildi

AQShda so‘nggi kunda qayd etilgan koronavirusga chalinish holatlari 50 mingtadan oshdi. Bu mamlakatda pandemiya boshidan beri rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Jon Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda 1 iyulda 50655 ta kasallanish holati qayd etilgan. 50 ta shtatdan 38 tasida oxirgi ikki hafta davomida bu ko‘rsatkich tobora oshib bormoqda. 24 ta shtatda koronavirus olib keluvchi kasallik bilan shifoxonaga yotqizilayotganlar soni ko‘paymoqda. 

“Bu xavotirli tendensiyalar 13 ta shtat ma'muriyatining korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha rejalarni amalga oshirishni to‘xtatishga majbur qildi. Yana 6 ta shtat bunday rejalarni to‘xtatib, odamlar orasida ijtimoiy masofa bo‘yicha yana cheklovlar kiritdi”, deb ta'kidlab o‘tilgan universitetda.

AQShning allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchi 30 iyunda kongress senatining sog‘liqni saqlash, ta'lim, mehnat va pensiyalar bo‘yicha qo‘mitasida mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari bir kunda 100 mingtagacha yetishi mumkinligini aytgan. “Hozir bizda kuniga 40 mingtadan ko‘proq kasallanish holati qayd etilmoqda. Agar tendensiya o‘zgarmasa, biz kuniga 100 mingta kasallanish qayd etiladigan holatga yetib kelsak ham ajablanmayman. Shu sababli men juda xavotirlanmoqdaman”, deb qo‘shimcha qilgan Fauchi.

25 iyunda AQShda qayd qilingan koronavirusga chalinish holatlari soni pandemiya davridagi eng yuqorisi bo‘lgandi va 39972 tani tashkil qilgandi. Shundan keyin bir necha kun davomida bu ko‘rsatkich 40 mingtadan ko‘proqni tashkil qilib kelgan. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 2,8 mlndan ko‘proqni, undan vafot etganlar soni 131 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid