Qozog‘istonda ikki haftalik qat'iy karantin amal qilishi boshlandi
Qozog‘istonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgandan keyin 5 iyuldan ikki haftalik karantin choralari amal qilishni boshladi.
Davlat komissiyasi qaroriga ko‘ra, respublikada koronavirus tarqalishini to‘xtatish maqsadida 14 kunga shaharlararo avtobus qatnovi to‘xtatiladi, shaharlarda jamoat transporti faoliyati vaqt bo‘yicha cheklanadi. Shu bilan birga, fuqarolarga mamlakat bo‘ylab shaxsiy avtotransportda harakatlanishga ruxsat beriladi.
Qozog‘istonda 20 iyundan qayta qo‘lga qo‘yilgan xalqaro aviaaloqa davom etaveradi, biroq Qozog‘iston aviakompaniyalari reyslar bajaradigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish 14 kunga to‘xtatiladi. Shuningdek, respublikaning hududlari o‘rtasida aviaaloqa va temir yo‘l aloqasi ba'zi cheklovlar bilan saqlanib qoladi.
5 iyuldan oilaviy, tomosha, sport, xotira va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi, odamlarning ko‘chalarda, bog‘larda, xiyobonlarda yurishiga cheklov kiritiladi. Jumladan, 3 nafardan ko‘p bo‘lib yurish va 65 yoshdan kattalarning harakatlanishi taqiqlanadi.
Qozog‘istonliklarga ochiq havoda individual mashg‘ulotlar o‘tkazishga ruxsat saqlanib qoladi.
Bir qator sohalar korxonalari faoliyati cheklanadi. Jumladan, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, sport zallari, fitnes-markazlar, suv havzalari, usti yopiq oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bozorlari taqiq ostiga tushgan.
Shuningdek, plyajlar, akvabog‘lar, madaniy obektlar, muzeylar, ko‘rgazmalar, ko‘ngilochar markazlar, maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari, diniy obektlar, kinoteatrlar, bolalar sog‘lomlashtirish lagerlari, banket zallari faoliyati to‘xtatiladi.
Davlat tashkilotlari, milliy kompaniyalar va boshqa tashkilotlarning kamida 80 foiz xodimlari uchun masofadan ishlash saqlanib qoladi.
Tibbiy markazlar, dorixonalar, oziq-ovqat do‘konlari, ochiq bozorlar faoliyatiga, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va baliqchilik ishlariga, aholiga xizmat ko‘rsatishga, jumladan avtomobillarni yuvish va ta'mirlashga, bank xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Karantin rejimini va sanitar-epidemiologik talablarni buzganlik uchun yirik jarimalar kiritilgan.
Mamlakatda epidemiologik vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq holda ushbu cheklovlar yana 2 haftaga uzaytirilishi yoki yanada kuchaytirilishi mumkin.
Qozog‘istonda xuddi shunga o‘xshash cheklovlar 16 martdan 11 maygacha amal qilgan favqulodda vaziyat rejimi vaqtida qo‘llangan. Keyinroq cheklovlarning sekin-asta bekor qilinishi boshlangan, biroq koronavirus tarqalishi yana jadallashgach bir qator hududlarda karantin cheklovlari tiklangan.
Mavzuga oid
15:30
Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024