Iqtisodiyot | 16:55 / 06.07.2020
5778
2 daqiqa o‘qiladi

Birjada AI-80’ning kunlik o‘rtacha narxlari 10,1 foizga ko‘tarilgan

O‘tgan haftada - 29 iyun–5 iyul kunlari «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi» AJning barcha savdo platformalarida 1 trln 78,3 mlrd so‘mlik tovarlar sotildi va bu avvalgi haftaga nisbatan 3,7 foizga kamroq.

Xususan, o‘tgan haftada birja savdolariga 155 ming tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yilgan va ulardan 15 957,8 tonnasi, ya'ni 10,3 foizi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 54 xaridor ishtirok etgan, deb yozmoqda «Yangi O‘zbekiston» gazetasi.

Birja savdolarida «O‘zbekneftegaz» AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishgan.

O‘tgan haftada benzinning boshlang‘ich narxi o‘rtacha 9 foizga ko‘tarilgan, shu sababli AI-80 markali avtomobil benzinning kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 3 mln 930,3 ming so‘mdan 4 mln 328,2 ming so‘mgacha, ya'ni 10,1 foizga ko‘tarilgan.

Boshlang‘ich narxning o‘sishini hisobga olgan holda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 12,8 foizga ko‘tarilib, benzinning bir tonnasi uchun 4 mln 320,1 ming so‘mni, AI-91 benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi 7,2 foizga ko‘tarilib, benzinning bir tonnasi uchun 4 mln 781,4 ming so‘mni tashkil etgan.

Turli manbalarda keltirishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid