«Hatto elektr toki ham yo‘q» - Namangan shahridagi poliklinikaning ayanchli manzarasi
Shikoyat ortidan Namangan shahridagi qariyb 21 ming aholiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangan 10-son oilaviy poliklinikaning Mashad filialiga borib bu darajadagi ayanchli holatni ko‘ramiz, deb sira o‘ylamagan edik...
Aholi murojaat qilganidek muassasada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sharoitning o‘zi yo‘q. Vrachlar, tibbiyot jihozlari yetishmaydi. Yo‘laklar, bemorlarni qabul qilish, muolaja xonalaridagi holat sanitariya talablari darajasida emas.
Biz Namangan shahri va Uychi tumanining 20 mingdan ziyod aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi poliklinikadagi ahvolni suratga olib, mashadlik fuqarolar va tibbiyot xodimlari bilan uchrashdik.
Mazkur uch qavatli binodan uzoq yillar Uychi tuman Mashad hududiy shifoxonasi sifatida foydalanilgan. Hozirda esa Namangan shahar 10-oilaviy poliklinikasining filiali sifatida Guzar, Objuvoz, Oltitosh, Sohil mahallalariga xizmat qilmoqda. Sababi 2016 yili Namangan shahrining kengayishi hisobiga Mashad qishlog‘ining to‘rtta mahallasi shaharga qo‘shiladi. Ikkita mahalla esa Uychi tumanida qolgan. Binoning ikkinchi qavatning yarmida Uychi tumanining ikkita mahallasiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi Qishloq oilaviy poliklinikasi faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, binoda Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazining shoxobchasi ham joylashgan.
Aholiga xizmat ko‘rsatayotgan birinchi qavatda holat achinarli bo‘lsa, binoning yarmi ishlatilmay turgan ikkinchi va uchinchi qavatlari umuman xaroba holga kelgan. Xonalarda eski rusumdagi tibbiyot anjomlari.
«Ayni payt hududimizdagi poliklinikaning ahvoli juda yomon. Vrachlar, mutaxassislar yetishmaydi. Bitta akusher-ginekolog, uchta umumiy amaliyot shifokori bor xolos. Kardiolog, stomatolog, travmatolog, LOR, ichki kasalliklar shifokorlari kerak.
Shifoxonaning sanitariya holati achinarli. Zamonaviy tibbiyot anjomlari yo‘q. Bir paytlar poliklinika juda fayzli edi. Tug‘ruqxona ham faoliyat yuritgan. Hozir endi mashadliklar shaharga borib davolanmoqda. «Tez yordam» bo‘limining vrachlariga ham sharoit yaratilmagan.
Qon bosimim ko‘tarilib turgani uchun bu yerga ko‘p kelaman. Hozir ikkinchi, uchinchi qavatlari to‘kilib yotibdi. Vrachlar, hamshiralar, qorovullar o‘zlari yonidan pul to‘plab birinchi qavatni ta'mirlab turishadi. Qachongacha bu holat davom etadi? Necha yildan beri mahalla oqsoqoli: «Dasturga kiritilyapti», deydi.
Kapital ta'mirlanishdan darak yo‘q. To‘g‘ri, xususiy shifoxonalar bor, lekin unday joyga borishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Biz ketmon chopadigan dehqon odamlarmiz. Pulimiz yetmaydi. O‘tgan hafta o‘g‘lim tibbiy yordam sifatli bo‘lmagani uchun vafot etdi.
Aholi qiynalib ketdi. Bolali ayollar kelib, kechgacha navbatda turadi. Uychi tuman markaziga boray desa 20 kilometr. Televideniyeda ko‘rsatayotgan shifoxonalarni tomosha qilib havasimiz keladi. Qachon rahbarlar kelib, bizni holatimizni o‘rganadi, shunga hayronmiz», – deydi Muhammadsoli ota Rustamov.
Mahalla ahli yonlaridagi poliklinikada sharoit, mutaxassislar yo‘qligi sabab, mablag‘ sarflab Namangan shahridagi muassasalarga borayotganini aytishdi. Kunduzgi statsionarda uch donagina krovat borligi uchun bemorlar kun bo‘yi navbatda turishadi.
Namangan shahar 10-oilaviy poliklinikasining filiali mudiri vazifasini bajaruvchi Fazliddin Muhiddinov bilan ham suhbatda bo‘ldik.
«Mashad qishlog‘i Namangan shahriga qo‘shilganidan keyin hududiy shifoxona tugatildi. Binoni ushlab turish uchun 10-sonli poliklinikaning filialiga aylandik. Aholiga akusher-ginekolog, bolalar shifokori, umumiy amaliyot shifokori, laboratoriya ishlab turishi ta'minlangan.
Haqiqatda binolarimiz ta'mirtalab. 2018 yili kapital ta'mirlash uchun Dasturga kiritilgan edi. Lekin qolib ketdi. 2019 yili esa 4 milliard 900 million so‘mga loyiha ham qilingan edi. Yana ish yurmadi. 2020 yilga ta'mirlashni kutgandik. Bilishimizcha, bu yil ham Dasturga tushmabdi.
Haqiqatda mutaxassislar yetishmaydi. Chunki ular uchun stavkalar belgilanmagan. Yilda bir-ikki marta aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shahardan mutaxassislar kelib ko‘ruvdan o‘tkazadi. Tibbiy jihozlarimizga kelsak, vrachlar uchun tanometr, fonendoskoplar bor.
Laboratoriyamiz 30-40 foizga jihozlangan. Fizioterapiya xonasidagi asboblar o‘sha sobiq Ittifoq paytidagi eski uskunalar. Lekin ularni davlat standartidan o‘tkazganmiz. EKG bor. Boshqa texnik uskunalar yo‘q.
2-3-qavatlarni kunduzgi statsionarga aylantirish uchun ta'mirlash zarur. Bu bo‘yicha ham moliya boshqarmasiga murojaat qilganmiz», – deydi Fazliddin Muhiddinov.
«Poliklinikamizda elektr ham yo‘q»
Binoning ikkinchi qavatida Uychi tumanning Mashad va Quvurboshi mahallalarining 6,5 ming aholisiga xizmat qiluvchi 34-oilaviy poliklinika filiali ishlab turibdi.
Bu yerdagi ahvol birinchi qavatdagidan ham ayanchliroq ekan. Yo‘laklar devorlari to‘kilib, xonalar ta'mirtalab holga kelgan.
Stol-stul va boshqa anjomlar ham juda eski. Tibbiyot uchun kerakli va zarur suvni qo‘ying, maskanda elektr toki ham yo‘q. Sharoit yo‘qligi sabab, sanitariya talablariga rioya etish ilojsiz.
Soat endi 11 bo‘lishiga qaramay, filialda bir nafar kasallarni ro‘yxatga oluvchi hamshira qolibdi xolos.
«Sharoit yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ishlayapmiz. Bitta umumiy amaliyot shifokori bor. Elektr ham yo‘q. Laboratoriyaga tokni birinchi qavatdan sim orqali tortib olib foydalanishga majburmiz.
Suvni esa pastdan tashib chiqamiz. Ikki kun ichida Qo‘g‘irboshi mahallasidagi poliklinikaga ko‘chishimizni aytishdi», deydi hamshira Zamiraxon Soliyeva.
Biz oradan ikki kun o‘tib o‘sha yerdagi aholi vakillari bilan bog‘langanimizda filial hali ham yangi joyga ko‘chib ketmaganini aytishdi.
MFY oqsoqoli o‘rinbosari Samadjon Shokirov poliklinika binosi Dasturga tushsa ham ta'mirlanmayotgani aytib, binoni nol qiymatda berish uchun tadbirkor izlanayotganini bildirdi.
Shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasida
Namangan shahar Tibbiyot birlashmasida bo‘lib, mutasaddilardan muammoli holatga izoh berishlarini so‘radik.
«Hukumatning tegishli qarorlariga ko‘ra, shahar, tuman birlashmalari tizimidagi davolash-profilaktik muassasalarining qurilishi, ta'mirlanishi, rekonstruksiya qilinishi, jihozlanishi bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga berganmiz. Takliflarimiz tasdiqdan o‘tib chiqqan. Manzilli dasturlar ham tuzilgan. Ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda», – deydi birlashma boshlig‘i o‘rinbosari Orifxon Poshshoyev.
Mutasaddi bizga Mashad poliklinikasining 2016 yildan beri har yili ta'mirlash va rekonstruksiya qilish rejasiga kiritilayotgani haqidagi ro‘yxatlarni ko‘rsatdi.
Shu yerda bir savol tug‘iladi: yillar davomida qog‘ozga tushgani bilan hech qanday ish amalga oshirilmayotganidan keyin Dastur, reja va takliflardan ne foyda?
Namangan viloyat hokimligi va soha mas'ullaridan amaliy harakat va jo‘yali javob kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.
Mavzuga oid
13:42 / 23.11.2024
Dubayda qiyin ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024